Shunday Gollivud yulduzlari borki, ular aktyorlik orqali haqiqiy moliyaviy imperiya barpo etgan: ular filmlar, reklama shartnomalari, brendlar va striming platformalari orqali yuzlab million dollar ishlab topgan. Quyida eng ko‘p daromadga ega besh nafar mashhurlar haqida so‘z yuritamiz.
Rayan Reynolds

Moliyaviy cho‘qqilarni zabt etishda Rayan Reynoldsga superqahramonlik qobiliyatlari asqatdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Marvelʼning “Dedpul” grafik romani asosida suratga olingan film aktyorning daromadlarida muhim rol o‘ynadi. Ayniqsa, “Dedpul va Rosomaxa”ning uchinchi qismi bu muvaffaqiyatni mustahkamladi.
Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2024-yilda aktyorning hisobiga 85 million dollar tushgan, bu ko‘rsatkich bilan u o‘tgan yilda eng ko‘p daromad topgan aktyorlar ichida ikkinchi o‘rinni egallagan. Chunki Reynolds ekranlarga hazilkash yollanma qotil qiyofasida qaytish bilan birga, ssenariy muallifi va ijrochi prodyuser sifatida ham ishtirok etgan.
Bu raqamga Jon Krasinski rejissyorligidagi “Xayoliy do‘stlar” komediyasidagi roli, futbol klubini xarid qilish haqidagi “Reksemga xush kelibsiz” nomli hujjatli filmning yangi mavsumiga prodyuserlik qilish ishlari ham kiradi. “Dedpul”ning ilk ikki qismi uchun unga 22 million va 40 million dollar to‘langan.
Reynolds faqat kinoda emas, biznes sohasida ham muvaffaqiyatli prodyuser sanaladi. Biroq Celebrity Net Worth nashriga ko‘ra, aynan aktyorlik faoliyati unga 350 million dollardan ortiq daromad olib kelgan.
Hyu Jekman

2024-yilda “Dedpul-3” loyihasi Hyu Jekmanning daromadlarini ham sezilarli oshirdi. Mashhur avstraliyalik aktyor yana o‘zining afsonaviy qahramoni — sarg‘ish-ko‘k libosdagi Rosomaxa roliga qaytdi. Buning evaziga Disney studiyasi unga 20 million dollar gonorar to‘ladi, bu miqdorga filmning muvaffaqiyati uchun qo‘shimcha bonuslar kiritilmagan. Bugungi kunga kelib aktyorning umumiy boyligi 180 million dollar atrofida baholanmoqda.
Riz Uizerspun

“Yovvoyi ayol” va “Qonundagi mallasoch” filmlaridagi obrazlari orqali tanilgan Riz Uizerspunning boyligi bugungi kunda 420 million dollarga teng. U filmda suratga tushganida odatda 15–20 million dollar atrofida gonorar oladi. Seriallardagi bir kunlik mehnat to‘lovi esa 1 million dollargacha baholanadi.
Bu darajagacha yetish uchun unga uzoq vaqt kerak bo‘lgan. 2001-yilda Uizerspun Garvardda o‘qigan yuridik fakultet bitiruvchisi rolida ilk bor ekranlarga chiqqanida, gonorari atigi 2,5 million dollar edi. So‘ng gender tengligi tarafdori bo‘lgan Riz moliyaviy mustaqilligini ta’minlash uchun Pacific Standard nomli prodyuserlik kompaniyasini ochdi. Oradan ikki yil o‘tib, “Mallasoch”ning qaytishi unga aktyorlik uchun 15 million dollarlik daromad olib keldi.
Shuningdek, Riz Uizerspun ayollar haqidagi seriallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Hello Sunshine prodyuserlik kompaniyasini ham tashkil etdi. Bu kompaniya “Katta kichik yolg‘onlar”, “Tonggi shou” va “Har joyda alanga” kabi loyihalar ustida ishladi va bu seriallarda Rizning o‘zi ham bosh rollarni ijro etdi.
Tom Kruz

Dunyodagi eng ko‘p haq oladigan aktyorlaridan biri Tom Kruzdir. 2023–2024-yillarda u Rayan Reynoldsdan kamroq daromad topdi, ammo “Uddalab bo‘lmas topshiriq: hisob-kitob vaqti” filmidagi ishtiroki unga biryo‘la 45 million dollar olib keldi. Shuningdek, “Top Gan: Maverik” filmining striming platformalardagi ko‘rish va sotuvlaridan ham mo‘may daromad oldi.
Maxfiy agent Itan Xant obrazi bilan dunyoga tanilgan Kruz o‘rtacha 50 million dollarlik yillik maoshga ega. Uning umumiy boyligi 2024-yilda 600 million dollar deb baholangan.
Arnold Shvarsenegger

Gollivudning eng mashhur va boy shaxslaridan biri bu Arnold Shvarseneggerdir. Forbes ekspertlari hisob-kitobiga ko‘ra, sobiq bodibilderning boyligi 1,1 milliard dollarni tashkil qiladi. Uning yarmidan ko‘pi, ya’ni 500 million dollardan ortig‘i “Terminator” filmlaridan tushgan.
1984 yilda “T-800” rolidagi ilk ishtiroki aktyorga bor-yo‘g‘i 75 ming dollar olib kelgan bo‘lsa, oxirgi qism — “Qorong‘i taqdir” filmidagi ishtiroki uchun 20 million dollardan ko‘proq haq to‘langan. Bugungi kunga kelib Shvarsenegger suratga tushgan filmlar soni 90 ga yaqinlashgan.
Izoh (0)