Bugun jahon siyosiy sahnasida vaziyat tezlashib, bashorat qilib bo‘lmaydigan darajaga yetdi. Ayrim mamlakatlar uchun boshqa davlatning suverenitetini so‘roq ostiga olish va hududiga zarba berish oddiy holatga aylandi.
13-iyun tongida Isroil harbiy havo kuchlari “Isyonkor sher” deb nomlangan operatsiyani boshlab, Eronning yadro inshootlariga zarba berdi. O‘z navbatida, Eron ham Isroilning hujumiga javob tariqasida “Haqiqiy va’da 3” operatsiyasini amalga oshirdi. Oqibatda yillar davomida soyada qolayotgan keskinlik ochiq va to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga aylanib ketdi.
2-, 3-kunlar xronologiyasi
14-iyun kuniga o‘tar kechasi Isroil harbiy havo kuchlari Eronning bir qator hududlariga yana zarbalarni amalga oshirdi. Hatto Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning uyi va prezidentlik kompleksi joylashgan hududga hujum amalga oshirilgani aytildi.
Shuningdek, Eron armiyasi Bosh shtabi binosi ham hujumga uchragani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq rasmiylar bu ma’lumotni rad etib, Isroil raketalari muvaffaqiyatli to‘xtatib qolinganini ma’lum qildi.
SAXAL Eronning g‘arbiy hududida joylashgan “Hamadon” va “Tabriz” harbiy-havo kuchlari bazalariga zarba berganini bildirdi.
Shu kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Eronning tashkilotdagi doimiy vakili Amir-Said Iravani ham so‘zga chiqdi. U, jumladan, Isroilning Eronga uyushtirgan zarbalari oqibatida 78 kishi halok bo‘lgani, 320 dan ortiq odam jarohatlanganini ma’lum qildi va ularning “katta qismi” tinch aholi vakillari ekani ta’kidladi.
14-iyun kuni tongda Isroilga Eron raketa hujumining to‘rtinchi to‘lqini yetib keldi.
Shu kuni Mehr agentligi Isroil harbiy-havo kuchlarining Eron hududida urib tushirilgan F-35 qiruvchi samolyoti suratlarini e’lon qildi. Ammo Isroil bu xabarga munosabat bildirmadi.
Eron rasmiylari Isroilning shanbaga o‘tar kechasi bergan zarbalarida yana ikki yuqori martabali general qurbon bo‘lganini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron qurolli kuchlar Bosh shtabi razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari general G‘ulomrizo Mehrobiy va operativ qo‘mondonlik boshlig‘i o‘rinbosari general Mehdi Rabboniy halok bo‘lgan.
Qo‘shma Shtatlar prezidenti CNN jurnalisti Dana Bash bilan suhbatda yadroviy kelishuv bo‘yicha Vashington bilan muzokaralarda ishtirok etgan Eron vakillari Isroil harbiy amaliyoti oqibatida halok bo‘lganini aytdi.
14–15-iyun Isroilning Eronga zarbalari davom etib, Isfahondagi uran konversiya markazi, aviatsiya infrastrukturalar, neft va gaz omborlarini qamrab olgan.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Husayn Kermanpur ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, juma kunidan beri Isroilning hujumlari oqibatida 224 kishi halok bo‘lgan, yana 1 277 kishi yaralangan.
O‘z navbatida Eron ham “Imod”, “Qadr” va “Xaybar Shakan” ballistik raketalari orqali Isroilning Tel Aviv, Haifa, Safed, Nahariya shaharlariga zarbalar berdi.

Bugun, 16-iyunga o‘tar kechasi Eron Isroilga 100 dan ziyod raketalar uchirdi. Asosiy zarba poytaxt Tel Aviv va Hayfa shaharlariga to‘g‘ri keldi.
Hayfada raketa elektr stansiyasiga tegdi, natijada Isroilning markaziy qismida elektr ta’minotida keng ko‘lamli uzilishlar yuzaga keldi. Raketalarning bir qismi havo hujumidan mudofaa choralariga qaramay, nishonga urilgani aytilmoqda.
Isroilning Magen David Adom qutqaruv xizmati ma’lum qilishicha, Eronning tungi hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni besh nafarga yetgan, 92 kishi jarohat olgan.
Vaholanki, Eron tashqi ishlar vaziri 15-iyun kuni Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligini kafolatlovchi bitim tuzishga tayyor ekanligini aytib chiqqan edi. Biroq tomonlarning bir-biriga zarba berishi davom etmoqda.
Diplomatik manbalarga ko‘ra, Eron hududiga quruqlikdan intervensiya amalga oshirilishi tobora muqarrar bo‘lib bormoqda. Aytishlaricha, hozir Eron hududida qayd etilayotgan ommaviy havo va raketa zarbalari — bu keng ko‘lamli quruqlikdagi harbiy operatsiyaga tayyorgarlik bosqichidir.

Barchasi nimadan boshlangan edi?
HAMASning 2023-yil 7-oktyabrda Isroilga hujumi va undan keyin Isroilning G‘azodagi harbiy amaliyotlari Eronning HAMAS bilan aloqalarini yana bir bor global e’tiborga olib chiqdi.
Ayniqsa, Suriyada Bashar Asad hokimiyati ag‘darilishi, Isroil va Qo‘shma Shtatlar birlashib mintaqada joylashgan Hizbulloh va Livandagi husiylar kabi kuchlarga zarbalar berishi — Eronning qudratini mintaqada sezilarli darajada pasaytirdi.
Dushmani “nokdaun” holatida ekanini sezgan Isroil Eronni tezroq “bir yoqlik” qilishga harakat qildi. The New York Times nashrining yozishicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bir necha oydan beri AQSH prezidenti Donald Trampni Eronning hozirgi zaif holatidan foydalanishga undab kelgan.
Ammo Tramp Isroilning Eronni nishonga olish rejasini rad etib, avval Tehron bilan yadro kelishuviga erishmoqchi bo‘lgan.

AQSH va Eron kelishuvi
AQSH va Eron o‘rtasidagi so‘nggi yadro muzokaralarining beshinchi raundi Rimda (Italiya) 2025-yil 23-may kuni bo‘lib o‘tgan edi. Biroq bu kelishuv hech qanday natijasiz yakunlandi.
Amerika prezident Donald Tramp “Eron uranni boyitishdan butunlay voz kechishi kerak”, degan pozitsiyada turib oldi. U muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, harbiy choralar ko‘rishni, ammo diplomatik imkoniyatlarni oxirigacha sinab ko‘rmoqchi ekanini aytgan edi.
O‘z navbatida, Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy “uranni boyitish — milliy huquq”, deb aytdi. Va Amerika tomoni yadroviy kelishuvdan chiqadigan bo‘lsa, Eron to‘xtatib qo‘yilgan atom obyektlarini yana ishga tushirishini ma’lum qildi.
Lekin shunga qaramay, Ummon davlati vositachiligida 15-iyun, yakshanba kuni Maskatda 6‑raund kelishuvi boshlanishi kutilayotgan edi.
Biroq Donald Tramp 9-iyun kuni jurnalistlarga Eronning muzokaradagi pozitsiyasi “qabul qilib bo‘lmas” ekanini aytdi. Ammo bu vaqtda kelishuv uchun Trampning vakili Stiv Uitkoff Ummon muzokaralariga borishni rejalashtirayotgan edi.
Vaziyatning keskin tus olishi
9-iyun, dushanba kuni Tramp Netanyaxu bilan telefon orqali suhbatlashdi. Ertasi kuni esa AQSH prezidenti Kemp Devidda (bu AQSH prezidentining rasmiy dam olish va maxfiy uchrashuvlar o‘tkaziladigan qarorgohi – tahr.) milliy xavfsizlik guruhini yig‘di.
10-iyun kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi rahbari general Maykl Kurilla Eron yadro quroliga ega bo‘lishining oldini olish uchun o‘ta kuchli harbiy choralarni qo‘llash imkoniyati mavjudligini aytib chiqdi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, prezident Donald Tramp va mudofaa vaziri Pet Xegsetga har qanday holat uchun keng diapazondagi variantlar taqdim etilgan. Kurillaning bayonotlari — AQSHning Eronga qarshi harbiy choralarga tayyor ekanligini ochib berdi.
12-iyun kuni ertalab AQSH Iroqdagi diplomatlarini evakuatsiya qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Bunga javoban Eron mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda bayonot berib, agar Isroil bilan urush boshlansa, AQSHning Yaqin Sharqdagi barcha harbiy bazalari hujum nishoniga aylanishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Eronning BMTdagi vakolatxonasi general Kurillaning ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotlarini “harbiy tajovuzkorlik” sifatida baholab, ular mintaqadagi beqarorlikni kuchaytirayotganini aytdi.

“Isyonkor sher” operatsiyasi
13-iyun kuni tongda Isroil Eronga tarixdagi eng kuchli havo hujumlaridan birini amalga oshirdi. 200 dan ortiq Isroil qiruvchi samolyotlari Eron havo hududiga kirmasdan (ba’zi manbalarda kirib ham deyilmoqda – tahr.) keng ko‘lamli muvofiqlashtirilgan hujumni amalga oshirdi.
Ushbu operatsiya Eronning yadro dasturi, ballistik raketalarni ishlab chiqarish obyektlari va yuqori lavozimdagi general va olimlarni nishonga olishga qaratilgan edi.
Zarba 100 dan ortiq manzillarga, jumladan, Eronning Natanz, Isfahon va Tehron shaharlariga berildi.
Hujum oqibatida Eron bosh shtab rahbari general Muhammad Boqiriy, Eron Islomiy inqilob qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bosh qo‘mondoni Husayn Salomiy hamda 6 ta yadro olimi halok bo‘ldi.
Keyinroq SAXAL Eronda to‘qqiz nafar yadroviy tadqiqotlar sohasidagi olim va ekspert yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Ular quyidagilar:
- Faridun Abbosiy — yadro energetikasi sohasidagi ekspert;
- Muhammad Mahdiy Tehranchi — fizik olim;
- Akbar Mutaolibi Zoda — kimyo mashinasozligi sohasidagi mutaxassis;
- Said Barji — materialshunoslik bo‘yicha ekspert
- Amir Hassan Fahahiy — fizik olim;
- Abd al-Hamid Minuchehr — reaktorlar fizikasi bo‘yicha mutaxassis;
- Mansur Asg‘ariy — fizik olim;
- Ahmad Rizo Zulfiqoriy Daryoniy — yadro energetikasi sohasidagi ekspert;
- Ali Bahuyey Katimiriy — mexanika sohasi bo‘yicha mutaxassis.
Axios nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil Eron yadroviy va raketa obyektlariga zarba berish operatsiyasini sakkiz oy davomida tayyorlagan.
Hujum oqibatida kamida 78 kishi halok bo‘ldi, yana 329 kishi jarohat oldi. Bu raqamlar keyingi kunlarda bir necha barobarga oshdi.
Mamlakat rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy Tel Avivga shafqatsiz javob berishni va’da qildi.
Shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “Eronning mag‘rur xalqi”ni Islom Respublikasi rahbariyatiga qarshi chiqishga chaqirdi.
-mP185Mpt.avif)
“Haqiqiy va’da 3”
Eronning javobi o‘zini uzoq kuttirmadi. Dastlab, Isroil tomoniga 100 dan ortiq dronlar uchirildi. Biroq ularning deyarli barchasi Isroil hududiga kirmasdan urib tushirildi. Ammo bu hali hammasi emasdi…
13-iyun kuni tunda Eron Isroilning “Isyonkor sher” operatsiyasiga javoban “Haqiqiy va’da 3” nomi bilan operatsiya amalga oshirib, Isroilga uch bosqichda raketa zarbalari berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron Isroilga birinchi marta 2000 km masofaga ucha oladigan, 1,5 tonnagacha portlovchi moddalarni tashishga qodir bo‘lgan “Xaybar” ballistik raketasidan foydalan holda, jami 300 ga yaqin ballistik raketalar bilan hujum qilgan.
Raketalar Tel Avivdagi rejalashtirilgan nishonlarga — jumladan, harbiy bazalar hamda Mudofaa va Milliy xavfsizlik vazirliklarining binolariga borib urilgan.
Isroil havo mudofaa tizimi — “Temir gumbaz” Eron tomonidan uchirilgan ballistik raketalarni tutib qola olmagan.
Fox News telekanali efirida berilgan ma’lumotda keltirilishicha, zarbalar Isroil poytaxti markazida joylashgan Isroil qurolli kuchlari muassasalari to‘plangan strategik ahamiyatga ega hududga qaratilgan.
Biroq Isroil rasmiylari hujum natijasida asosan fuqarolik obyektlari zarar ko‘rganini ta’kidladi. Mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning bayonotiga ko‘ra, Isroil Eron tomonidan uchirilgan ballistik raketalarning “salmoqli qismini” yo‘q qilishga erishgan.
Isroil tomonning xabar berishicha, 13-iyun kunidagi raketa hujumi oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan, 70 dan ortiq kishi yaralangan.
Izoh (0)