Isroil Turizm vazirligi tomonidan mamlakatda vaqtinchalik bo‘lib turgan turistlar uchun xavfsiz tarzda chiqib ketish imkonini yaratish maqsadida maxsus raqamli ro‘yxatdan o‘tish shakli joriy qilindi. Bu haqda O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, turistlar mazkur havola orqali o‘z maʼlumotlarini taqdim etishlari mumkin (ism-familiya, telefon raqami, elektron pochta manzili).
Topshirilgan maʼlumotlar maxsus raqamli platformalarda saqlanadi va faqat zarurat tug‘ilganda, Isroil Milliy Xavfsizlik Kengashi va Transport vazirligi bilan almashiladi.
Ayni paytda Isroil hududida taxminan 38 ming nafar turist mavjud. Barcha yer orqali chegaralar — Iordaniya va Misr bilan bog‘lovchi nazorat punktlari ochiq. Ko‘plab turistlar aynan ushbu yo‘nalishlar orqali Isroilni tark etishni afzal ko‘rmoqda.
Turistlar uchun "virtual axborot markazi" ishga tushirilgan bo‘lib, 24 soat davomida quyidagi kanallar orqali maʼlumot olish mumkin:
- Elektron pochta: virtual@goisrael.gov.il
- WhatsApp raqami: +972-53-583-5808
Isroil Turizm vazirligi shuningdek mehmonxonalar va boshqa joylashuv muassasalari bilan hamkorlikda yordamga muhtoj turistlarni aniqlash ustida ish olib bormoqda, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu mamlakatni tark etish istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar qanday yo‘l bilan chiqib ketishi mumkinligi haqida ma’lumot bergandi.
Elchixona bundan avval mamlakatda murakkab vaziyat vujudga kelayotganligini eʼtiborga olib o‘zbekistonliklarga shaxsiy xavfsizlik choralarini ko‘rish va raketa otishmalari paytida boshpanalarni tark etmaslikni tavsiya etgandi.
Isroil hukumati Eron bilan keskinlik ortgani sababli fuqarolariga mamlakatdan chiqishni taqiqladi. AQSHning Isroildagi elchixonasi amerikaliklarga mamlakatni tark etishda yordam ko‘rsata olmasligini ma’lum qildi. Isroil havo hududining vaqtincha yopilgani munosabati bilan ushbu mamlakat bilan aviaqatnovlar to‘xtatilgan.
Izoh (0)