Prezident Vladimir Putin Amerika rahbari Donald Tramp bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Muloqot ikki soatdan ortiq davom etgan. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin suhbatdan so‘ng jurnalistlar bilan uchrashuvida ma’lum qildi.

Putinning aytishicha, u Trampga Qo‘shma Shtatlarning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni qayta boshlashdagi ishtiroki uchun minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, amerikalik hamkasbi bilan suhbat “juda foydali” bo‘lgani qayd etgan.
“Ta’kidlashni istardimki, suhbat juda mazmunli va ochiq-oydin bo‘ldi”, deydi Putin.
Rossiya prezidenti janglar to‘xtatilishi kerakligini, biroq tinchlikka erishishning eng samarali yo‘llarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Ukraina bilan o‘t ochishni to‘xtatishni o‘z ichiga olgan memorandum ustida ishlashga tayyor. Rossiya va Ukraina barcha tomonlarni qoniqtiradigan kelishuv yo‘llarini topishi lozim.
Shuningdek, Rossiya rahbari Rossiya va Ukraina to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar qayta boshlanganidan so‘ng “umuman olganda to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganini” ta’kidladi.
Tramp Ukrainadagi jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bildirgan.
“O‘z navbatida, Rossiya ham Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini ta’kidladim. Biz bunga erishishning eng samarali yo‘llarini aniqlashimiz kerak”, deya qo‘shimcha qildi Putin.
“Rossiya Ukraina tomoni bilan kelajakdagi ehtimoliy tinchlik shartnomasi bo‘yicha memorandum ustida ishlashni taklif etadi va bunga tayyor. Unda bir qator masalalar, jumladan, nizoni hal qilish tamoyillari, tinchlik bitimi tuzish muddatlari va boshqalar belgilanadi. Shuningdek, tegishli kelishuvlarga erishilgan taqdirda ma’lum vaqtga o‘t ochishni to‘xtatish ham ko‘rib chiqilishi mumkin. Eng muhimi, bu inqirozning asl sabablarini bartaraf etishdir”, deydi Rossiya prezidenti.
Putinning aytishicha, matbuot kotibi Dmitriy Peskov yoki prezident yordamchisi Yuriy Ushakov Tramp bilan bo‘lib o‘tgan suhbat tafsilotlarini keyinroq tushuntirib beradi.
Istanbul muzokaralari
10-may kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevda Yevropaning to‘rt davlati rahbarlarini qabul qildi. Sammit yakunida ular qo‘shma bayonot qabul qilib, unda Rossiyadan kamida 30 kun davomida so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildi va yangi sanksiyalar bilan tahdid soldi.
Oradan bir necha soat o‘tib, 11-mayga o‘tar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlda jurnalistlarni to‘plab, Istanbulda 2022-yil bahorida to‘xtab qolgan muzokaralar 15-maydan bir tomonlama tartibda qayta tiklanishini e’lon qildi.
Shundan so‘ng Zelenskiy Turkiyaga kelishini, lekin faqat Putin bilan muzokara olib borishini aytdi. Kreml 14-mayga o‘tar kechasi Rossiya delegatsiyasi tarkibini e’lon qildi. Unga Medinskiy boshchilik qildi.
Rossiya delegatsiyasi 15-may kuni ertalab Istanbulga uchib keldi. Shu kuni tushdan keyin Vladimir Zelenskiy Ukraina rasmiylari bilan birga Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Anqaraga uchib keldi. Uch soatga yaqin davom etgan uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy Umerov boshchiligidagi Ukraina delegatsiyasini muzokaralarda ishtirok etish uchun Istanbulga yuborishga roziligini bildirdi.
Istanbulda 16-may kuni Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida 2022-yil bahoridan beri birinchi muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi, ammo eng yirik asirlar almashinuvini amalga oshirishga kelishib oldi.
Izoh (0)