Joriy yil kuzidan mamlakatda ish beruvchi korxonalar ikkita majburiyatdan ozod etiladi. Yangi tartib 4-avgust kuni imzolangan prezident farmonida belgilangan.

2025-yil 1-sentyabrdan O‘zbekistonda korxonalar o‘zida mavjud vakansiyalar haqida bandlik organlariga maʼlumot berish majburiyatidan ozod etiladi. Shu bilan birga, ish beruvchilardan bandlik organlari yo‘llanmasi asosida yuborilgan nomzodlarni ishga qabul qilmaganlik uchun sabab keltirish talabi bekor qilinadi. Bu holatda ish beruvchi maʼmuriy javobgarlikka tortilishiga chek qo‘yiladi.
Bandlik vazirligi axborot xizmatining “Daryo”ga maʼlum qilishicha, avvalgi tartib taʼsirida ko‘plab korxonalar o‘zidagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ochiq maʼlumot berishni istamagan. Sababi vakant o‘ringa bandlik markazlari yuborgan nomzodni ishga olish asossiz rad etilsa, ish beruvchi jarimaga tortilgan.
Mazkur holat bo‘sh ish o‘rinlari haqida ishonchli maʼlumotlar yetishmasligi, mehnat bozoridagi haqiqiy talabni tahlil qilolmaslikka olib kelgan. O‘z navbatida kasbiy taʼlimning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda mavhumlikka sabab bo‘lgan. Yangi farmonga asosan ushbu qoida bekor qilinadi.
Joriy yil 8-avgustda prezident o‘tkazgan oliy taʼlimga oid yig‘ilishda ham shu masalaga qisqa to‘xtalib o‘tildi. Yaʼni byurokratiya sabab xususiy sektor bo‘sh o‘rinlarni ko‘rsatishdan manfaatdor emasligi taʼkidlangan.
Izoh (0)