Ichki ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan qonun loyihasiga ko‘ra “tonirovka” uchun yozda arzonlashtirilgan narx joriy etilishi mumkin.

Loyiha bilan Vazirlar Mahkamasining “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilmoqda.
Unga ko‘ra, M1 (yengil avtomobillar) toifasiga kiruvchi avtotransport vositalarining orqa va old yon oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun har yili 1-maydan 31-avgustgacha beriladigan ruxsatnomalar yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Ruxsatnoma narxi jismoniy va yuridik shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida bo‘ladi (hozirda 412 ming so‘m). O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun esa BHMning besh baravari miqdorida bo‘ladi (2 million 60 ming so‘m). Bunda, qisqa muddatli ruxsatnoma uchun to‘lov ruxsatnoma rasmiylashtirilgan sanadan qat’i nazar, to‘liq hajmda amalga oshiriladi.
Ushbu qonun loyihasi muhokamasi 22-avgustga qadar davom etadi.
May oylarida O‘zbekistonda avtomobillarning old yon oynalarini qoraytirganlik uchun to‘lovlar bepul bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgandi. YHXX buni rad etgandi.
O‘zbekistonda “tonirovka” turlari
Ayni paytda avtomobillar orqa yon oynalari va orqa oynani qoraytirish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi va bu bepul amalga oshiriladi. Old eshiklar oynalarini qoraytirish uchun ruxsatnoma olish zarur. Ruxsatnoma yillik asosda beriladi. Avtomobillar orqa oynasining tusini, shuningdek, avtotransport vositalari old oynasining tepa qismi tusini 14 santimetrdan ko‘p bo‘lmagan “polosa” shaklida yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish) ruxsatnomasiz, tasdiqlangan davlat standarti asosida amalga oshiriladi.
Old eshiklar oynalarini qoraytirish uchun ruxsatnoma olish narxi BHMning 8 baravari (3 mln 296 ming so‘m)ni tashkil etadi. “Tonirovka” uchun ruxsatnomani onlayn tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish mumkin. Onlayn ariza topshirganda haydovchi 10 foizlik chegirma oladi. Ruxsatnomasiz “tonirovka” uchun jarima Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 126-1-moddasiga ko‘ra, BHMning 25 baravari (10 mln 300 ming so‘m)ni tashkil etadi.
Izoh (0)