Rossiyaning Ijevsk shahrida maktab o‘quvchisi sinfdoshiga bir necha marta pichoq urdi. Bu haqda “News.ru” xabar berdi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, hodisa dars vaqtida sodir bo‘lgan. 14 yoshli 8-sinf o‘quvchisi do‘stiga pichoq bilan hujum qilgan. Shundan so‘ng jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan. O‘smirning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
“Ayni damda unga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, — deyiladi boshqarma xabarida.
Voqea joyida tergovchilar ish olib bordi. Ular voqea joyini ko‘zdan kechirishdi va guvohlar bilan suhbatlashdi. Ayni paytda huquq-tartibot idoralari xodimlari hodisaning barcha holatlarini aniqlamoqda.
2022-yilning kuzida Ijevsk shahridagi maktabda otishma sodir etilgandi. Binoga ushbu maktabning 34 yoshli bitiruvchisi hujum qilib, 17 kishini, jumladan, 11 bolani o‘ldirgan va 20 dan ortiq odamni jarohatlagan, shundan so‘ng u o‘z joniga qasd qilgan. Udmurtiya rasmiylariga ko‘ra, hujum qilgan erkak psixonevrologik dispanserda ro‘yxatga olingan.
Izoh (0)