AQSHning Florida shtati Kissimmi shahrida o‘zbekistonlik fuqaro Bekzod Nishonboyevning otib o‘ldirilishida gumonlanib, boshqa bir o‘zbekistonlik G‘ani Jo‘raboyev hibsga olindi. Tergovchilar hodisani qasddan qilingan qotillik deb baholamoqda.
Shaharning Oseola okrugi sherifi Markos Lopes ma’lum qilishicha, Jo‘raboyev okrugda doimiy yashovchi, taxminan 42 yoshda va muqaddam sudlanmagan. Nishonboyev esa taxminan 31 yoshda, mehnat vizasi bilan O‘zbekistondan kelgan, viza muddati 2022-yilning mart oyida tugagan.
Otishma haqida xabardor qilingan sherif idorasi xodimlari voqea joyiga kelganida, o‘q va qon izlarini ko‘rgan. Hududdagi kasalxonalarga qo‘ng‘iroq qilinib, surishtirilganidan keyin ma’lum bo‘lishicha, Jo‘raboyev Nishonboyevni AdventHealth Celebration shifoxonasiga olib borgan, Nishonboyev olgan tan jarohatlari tufayli o‘sha yerda vafot etgan.
Tergovchilarning ta’kidlashicha, bu otishma 5 000 dollar ustida shaxsiy mojaro bo‘lgan.
“Tortishuv jismoniy tus olgan, jabrlanuvchi gumonlanuvchini mushtlagan. Gumonlanuvchi mashinasiga kelib, qurolini olgan va uni otib o‘ldirgan”, — dedi sherif Lopes.
Mavzuga doir: Rossiyadagi choyxonada o‘zbekistonlik yigit hamyurtlarini pichoqladi. Ulardan biri vafot etgan
Izoh (0)