Polsha prezidentligiga nomzod Gjegoj Braun Katovitse shahrida Yevropa Ittifoqi bayrog‘ini yerga uloqtirib, unda oyoqlarini artdi. Shundan so‘ng bayroqni yoqib yuborgan. Voqea videosi uning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga joylashtirildi.
Ta’kidlanishicha, hodisa Katovitsedagi sanoat vazirligida sodir bo‘lgan. RFM 24 ning xabar berishicha, Braun u yerga parlament a’zosi sifatida “Polsha kon sanoatini tugatish” masalasini o‘rganish uchun tashrif buyurgan.
Ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan videoda ko‘rinishicha, u Yevropa Ittifoqi bayrog‘ini olib, polga tashlaydi, so‘ngra uni oyoqlari bilan bosib o‘tadi.
“Bu yer Bryussel emas, Polsha!”, deya yozdi u o‘z postiga izoh sifatida.

Prezidentlikka nomzodni bir ayol to‘xtatmoqchi bo‘lgan, biroq u jiddiy qarshilik ko‘rsatgan.
“O‘zingizga rahmingiz kelsin, agar uyalmasangiz, Xudodan qo‘rqing. Bu — Polsha, Bryussel emas!”, dedi Braun.
Shuningdek, u Polsha mamlakatga “dushman” tashkilotlarning ramzlarini ko‘rsatmasligi kerakligini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq Yevroparlament Braunni deputatlik daxlsizligidan mahrum qilgandi, Varshava okrug prokuraturasi esa unga yettita jinoyat bo‘yicha ayblov qo‘ymoqchi.
Bundan oldin, Braunning mitingi paytida uning tarafdorlari 2022-yildan beri Byala Podlyaska shahar hokimiyatida osig‘liq turgan Ukraina bayrog‘ini yulib olishgan. Siyosatchi bu harakatni ma’qullagan va buning uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. U Ukraina bayrog‘i ushbu davlatning eng yaqin konsulligiga yetkazilishini va’da qilgan.
Armaniston poytaxti Yerevanda “armanlar genotsidi” deb atalgan voqeaning 110 yilligiga bag‘ishlangan mash’ala yurishida ishtirokchilar Ozarbayjon va Turkiya bayroqlarini yoqib yuborishgandi.
Izoh (0)