Amerikalik astronomlar Jeyms Uebb kosmik teleskopi yordamida ilk bor Quyosh tizimidan tashqarida eng keng tarqalgan sayyoralar turi: sub-Neptunlar vakili bo‘lgan sirli TOI-421 b ekzosayyorasi atmosferasini batafsil o‘rganishdi. Bu kashfiyot ularning tarkibi va kelib chiqishi haqidagi tasavvurlarimizni o‘zgartirishi mumkin. Tadqiqot natijalari The Astrophysical Journal Letters (AJL) jurnalida e’lon qilindi.

Sub-Neptunlar — Yerdan biroz kattaroq, ammo Yupiter kabi gaz gigantlaridan ancha kichik bo‘lgan mayda gazli sayyoralar hisoblanadi. Ular bizning galaktikamizda keng tarqalgan, biroq xira va ko‘pincha tutun bilan qoplangan atmosfera qobig‘i tufayli shu paytgacha yaxshi o‘rganilmagan edi.
TOI-421 b — Quyon yulduz turkumida Yerdan taxminan 244 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan issiq sub-Neptun sayyorasidir. U yulduzga juda yaqin aylanadi, shu sababli undagi harorat 730 °C ga yetadi.
Olimlarning fikricha, bu yuqori harorat ilgari bunday sayyoralarni o‘rganishni qiyinlashtirgan atmosfera tutunining hosil bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi. Darhaqiqat, teleskop spektrograflari olgan ma’lumotlar shuni ko‘rsatdiki, sayyora atmosferasi shaffof va vodorod hamda suv bug‘iga boy, shuningdek, oltingugurt dioksidi va is gazini o‘z ichiga olgan bo‘lishi mumkin.
“Men bu lahzani butun faoliyatim davomida kutganman. Nihoyat, bu sayyoralar nimalardan tashkil topganini va nima uchun bizning Quyosh tizimimizda bunday narsalar yo‘qligini chinakamiga tushunish imkoniga ega bo‘ldik”, deydi Merilend universiteti tadqiqotchisi, loyiha rahbari Eliza Kempton.
Metan va karbonat angidridning yo‘qligi, shuningdek, odatiy sub-Neptunlardan ko‘ra ko‘proq yulduzga xos bo‘lgan yengil vodorodning ustunligi kutilmagan holat bo‘ldi. Bu TOI-421 b “tumanli” hamkasblaridan farqli ravishda boshqacha ssenariy bo‘yicha shakllanganini anglatishi mumkin.
“Bu butunlay boshqa turdagi sayyoralar olamiga ochilgan darcha”, deydi Kempton.
Tadqiqotchilar endi TOI-421 b noyob ekani yoki yo‘qligini aniqlash uchun boshqa issiq sub-Neptunlarni kuzatishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)