Yaman husiylari uchirgan ballistik raketa 4-may kuni ertalab Isroilning Ben-Gurion aeroporti hududiga kelib tushdi. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, raketani “Temir gumbaz” havo hujumidan mudofaa tizimi ushlab qola olmagan. Xalqaro aeroport reyslarni qabul qilish va jo‘natishni vaqtincha to‘xtatgan. Isroil mudofaa armiyasi raketa Yaman hududidan husiylar (“Ansor Alloh” harakati) tomonidan uchirilganini ma’lum qilgan.
“Temir gumbaz” tizimidan foydalanayotgan Isroil harbiylari raketani qo‘lga kiritishga bir necha bor uringan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Hozirda Ben Gurion xalqaro aeroporti vaqtincha yopilgan.
Ben-Gurion aeroporti hududidagi zarba bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Standart tartib-qoidalarga muvofiq, barcha reyslar to‘xtatildi — parvozlar va qo‘nishlar vaqtincha amalga oshirilmaydi, deyiladi Isroil aeroportlari boshqarmasi bayonotida.
Hujum oqibatida sakkiz kishi yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati olgan, ularning ba’zilari boshpanaga yetib borishga uringanida jarohatlangan. Voqea joyi o‘rab olingan, hududda o‘q-dori qoldiqlari bor-yo‘qligi tekshirilmoqda.
Yahudiy davlati mudofaa vaziri Isroil Katsning aytishicha, raketa hujumi uchun yetti baravar ko‘proq javob qaytariladi.
Kim bizga zarar yetkazsa, buning uchun yetti barobar tovon to‘laydi, deya uning so‘zlarini keltiradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Husiylarning yuqori martabali vakili Muhammad al-Buxaytiy aeroportga berilgan zarbani Yaman harakatining Isroil hududidagi “himoyalangan obyektlarga zarba berish qobiliyatining isboti” deb atadi.
Husiylarning hujumi Isroilning G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarni kengaytirish rejalari bilan bog‘liq. 12-aprel kuni Isroil mudofaa vaziri tinch aholini bo‘lajak harbiy amaliyotlar hududlaridan evakuatsiya qilishga chaqirdi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu oktyabrgacha jangovar harakatlarni yakunlashni rejalashtirayotganini aytgandi.
Izoh (0)