“Barselona” klubi uzoq yillik inqirozdan so‘ng moliyaviy ahvolini ancha yaxshilab oldi. Bunga katta hissa qo‘shayotgan omillardan biri Nike kompaniyasi bilan imzolangan yirik shartnoma hisoblanadi. Shu bois kataloniyaliklar endi katta transferlarni amalga oshirish haqida o‘ylamoqda.

Klubga yaqin manbalarning xabar berishicha, “Barselona” transfer bozorida yulduz futbolchilar uchun kurashga qaytishi mumkin. Klub prezidenti Joan Laporta “Manchester Siti” hujumchisi Erling Holandni Kataloniyaga olib kelishni istayotgani aytilmoqda.
El Nacional nashrining yozishicha, “Barselona” 2026-yilgi yozgi transfer oynasida norvegiyalik futbolchini sotib olishni rejalashtirmoqda. Klub uni Robert Levandovski o‘rniga asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqda. Holand uchun sarflanadigan transfer summasi taxminan 175 million yevroni tashkil qilishi mumkin.
E’tiborlisi, Holandning “Manchester Siti” bilan shartnomasi 2034-yilgacha mo‘ljallangan. Shu bois bu transferni amalga oshirish “ko‘k-anorranglilar” uchun oson kechmasligi mumkin.
Izoh (0)