Rossiya tomonining taklifiga binoan Ozarbayjon delegatsiyasi Haydar Aliyev tavalludining 102 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etish uchun Astraxan viloyatiga jo‘nab ketdi. Biroq delegatsiya tarkibida bo‘lgan deputat Azer Badamov Moskva aeroportida ushlanib, parvozga qo‘yilmadi. Bu haqda “Repost.az” xabar berdi.

Aeroportda deputatga Rossiyaga kirish taqiqlangani ma’lum qilingan. Biroq deputat va delegatsiyaga bu borada hech qanday tushuntirish berilmagan. Natijada Azer Badamovning ortga qaytishiga to‘g‘ri kelgan.
Katta ehtimol bilan, Rossiya tomoni deputat Azar Badamovni Ozarbayjon xalqi va davlatini haqorat qilgan Davlat dumasi deputati Valuyev haqidagi so‘zlari uchun qora ro‘yxatga kiritgan, deya taxmin qilinmoqda.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi buni qoraladi
Vazirlik deputat aeroportda ushlanganini tasdiqlab, Badamov aynan Astraxan viloyati vitse-gubernatori — hukumat raisi Denis Afanasevning taklifiga binoan taklif etilganini bildirdi.
Delegatsiya Bokudan Moskvaga uchib ketganiga qaramay, Rossiya tomoni hech qanday ogohlantirish yoki xabarsiz deputat Azar Badamovni Moskva aeroportida ushlab, uning mamlakatga kirishi taqiqlanganini bildirgan. Moskva aeroportida bir muddat kutilganidan so‘ng u yurtimizga qaytarilgan.
Hodisa munosabati bilan zudlik bilan Rossiyadagi elchixonamiz orqali Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bilan aloqa o‘rnatildi, Rossiya TIV vakili masala o‘rganib chiqilishini aytdi, biroq bu qarorning sabablari haqida tushuntirish bermadi.
Biz Rossiya tomonining ushbu qarorini nodo‘stona qadam deb hisoblaymiz va Rossiya tomonidan ushbu masala bo‘yicha asosli tushuntirishlarni kutamiz, deyiladi Ozarbayjon TIV bayonotida.
Moskva holat yuzasidan ommaga rasmiy munosabat bildirmagan.
Izoh (0)