Isroilda 18 kishi Quddus atrofidagi o‘rmonlarga o‘t qo‘yishda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda bosh vazir Binyamin Netanyaxuga tayanib The Times of Israel xabar berdi.

Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchilardan biri jinoyat ustida qo‘lga olingan. Siyosatchi yong‘in oddiy hodisa emasligi, u tabiat va odamlarga zarar yetkazishini ta’kidlagan. Isroil bosh vaziri uning mamlakati “bu vazifani ham uddalashiga” ishonch bildirgan.
Biz yong‘inni o‘chirish va vayron bo‘lgan narsalarni tiklash uchun qo‘limizdan kelganini qilmoqdamiz, degan u.
Kuchli yong‘in 30-aprel kuni ertalab Quddus tog‘laridagi Mezilat Sion aholi punkti yaqinidagi Eshtaol o‘rmonida boshlangan. Isroil yong‘inni o‘chirish uchun Ozarbayjon, Argentina, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Kipr, Portugaliya, Shimoliy Makedoniya, Fransiya, Xorvatiya, Chexiya va Shvetsiyadan yordam so‘ragan. O‘t o‘chirish samolyotlari va qutqaruvchilarni Gretsiya, Italiya va Xorvatiya yuborgan.
Falastin ham o‘z yordamini taklif qilgani aytilmoqda. Yong‘inni o‘chirishga 12 ta samolyot, yuzdan ortiq o‘t o‘chirish brigadalari, harbiy xizmatchilar va ko‘ngillilar jalb qilingan. Evakuatsiya ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)