Rossiya prezidenti Vladimir Putin har doim voris haqida o‘ylashi, ammo yakuniy tanlov rossiyaliklarda bo‘lishi kerakligini aytdi. Bu haqda u “Rossiya. Kreml. Putin. 25 yil” nomli hujjatli filmda ma’lum qildi.

Men doimo bu haqda o‘ylayman. Bunga turlicha munosabat bo‘lishi mumkin — oldindan aytib bo‘lmaydigan texnologiyalar bor, ma’muriy resurslar ham bor. Ammo baribir, yakunda tanlov xalqning, Rossiya fuqarolarining, saylovchilarning qo‘lida, dedi Putin.
U har bir ehtimoliy nomzodning salohiyatini doimo kuzatib, baholab borayotganini ta’kidladi. Putin xalq ishonchiga ega bo‘lmagan shaxsning jiddiy ishlar qilish imkoniyati kamligini aytdi.
Mamlakatning barqarorligi, rivojlanishi va xavfsizligini ta’minlaydigan sharoitlar uchun eng muhim shart — odamlarning davlat rahbarlariga ishonchidir. Bu ishonchga erishish uchun esa, albatta, samarali va halol ishlash, fuqarolarimiz turmush darajasini yaxshilash lozim, dedi u.
Rossiya prezidenti o‘z so‘zida davom etib, bugungi kunda mamlakatda kambag‘allik darajasi eng past ko‘rsatkichga erishganini misol qilib keltirdi.
Shubhasiz, odamlar doimo kelajakka umid bilan qaraydi va vaziyat yanada yaxshilanishini istaydi. Bu borada ular haqli, albatta. Agar xalq ishonsa, asosiy shart — hokimiyatga bo‘lgan ishonch ma’lum darajada ta’minlanadi. Busiz jamiyat birligi bo‘lishi mumkin emas.
Men doimo shu haqda o‘ylayman. Jamiyatning ichki birdamligi barcha yutuqlarimiz asosidir. Nafaqat saylovlarda, balki kundalik faoliyatimda ham menga bildirilayotgan ishonch uchun xalqimizdan juda minnatdorman. Busiz yashash ham, ishlash ham mumkin emas, dedi u.
Putin, shuningdek, rossiyaliklarda tanlov imkoniyati bo‘lishi uchun bir nechta vorislar bo‘lgani ma’qulligini aytdi. “Mamlakatni kelajakda kim boshqarishi haqida o‘ylaysizmi?” degan savolga u shunday javob berdi.
Menimcha, mamlakat fuqarolarining ishonchini qozona oladigan bir kishi, yoki odamlarga tanlov imkoniyati bo‘lishi uchun bir nechta shaxs paydo bo‘lishi kerak, dedi u.
Izoh (0)