Angliya Premyer Ligasining 35-turida “Arsenal” o‘z maydonida “Bornmut”ga qarshi bahs olib bordi va 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Londonliklar hisobda oldinda borayotgan bo‘lsalar-da, yakunda ochkolarsiz qoldi.

Opta Sport xabariga ko‘ra, ushbu natija ortidan “kanonirlar” APL tarixidagi o‘z antirekordini takrorladi. Gap shundaki, 2024/2025-yilgi mavsumda Mikel Arteta shogirdlari hisobda oldinda borib, yakunda mag‘lubiyatga uchragan va umumiy hisobda 21 ochkoni boy bergan. Bu ko‘rsatkich klub tarixidagi eng yomon natijadir.
Qizig‘i, “Arsenal” bundan avval ham shunday natija qayd etgan — 2019/2020-yilgi mavsumda ham jamoa aynan 21 ochkoni qo‘ldan chiqargan. O‘sha yili jamoa boshqaruvida uch murabbiy bo‘lgan: Unai Emeri mavsumni boshlagan, undan keyin qisqa vaqt davomida Fredrik Yungberg vaqtincha ishlagan, yil oxirida bosh murabbiy sifatida Mikel Arteta tayinlangan edi.
Hozirda “Arsenal” 35 o‘yindan so‘ng 67 ochko jamg‘argan va Premyer Liga jadvalida 2-o‘rinni egallab turibdi.
Izoh (0)