Angliya Premyer Ligasining fevral oyidagi eng yaxshi o‘yinchisi va murabbiyi nomi ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, “Manchester Yunayted” yarim himoyachisi Brunu Fernandesh fevral oyining eng yaxshi o‘yinchisi nomiga loyiq ko‘rildi. Jamoa safiga yanvarda kelib qo‘shilgan futbolchi bu nom uchun kurashda Markos Alonso (“Chelsi”), Pyer-Emerik Obameyang (“Arsenal”), Dominik Kalvert-Lyuin (“Everton”), Mett Doerti (“Vulverhempton”) va Nik Poup (“Byornli”) kabi futbolchilarni ortda qoldirgan.
Fernandesh fevral oyida Premyer Ligada uchta o‘yin o‘tkazib, bir gol va ikkita samarali uzatmaga muallif bo‘ldi. Uning jamoasi bu o‘yinlarda bir durang va ikki g‘alabaga erishdi.
👔 Congratulations to Sean Dyche who is the @BarclaysFooty Manager of the Month for February#PLAwards pic.twitter.com/hypXauxz0w
— Premier League (@premierleague) March 17, 2020
“Byornli” ustozi Shon Daych esa APLda fevral oyining eng yaxshi murabbiyiga aylandi. 48 yoshli mutaxassis o‘z faoliyatida ikkinchi marta ushbu sovringa ega chiqdi.
Daych bu borada Mikel Arteta (“Arsenal”), Ole-Gunnar Sulsher (“Manchester Yunayted”) va Kris Uaylderni (“Sheffild Yunayted”) ortda qoldirgan.
Fevral oyida “Byornli” Angliya chempionatida mag‘lubiyatga uchramadi. Daych shogirdlari “Arsenal” (0:0), “Nyukasl” (0:0) va “Tottenhem” (1:1) kabi jamoalar bilan durang o‘ynadi, shuningdek ikki o‘yinda g‘alaba qayd etildi: “Sauthempton” (2:1) va “Bornmut” (3:0).
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)