O‘zbekistonda vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlarida ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartibni qonun hujjatlarida belgilash ko‘zda tutilgan. Bu haqda “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 2025-yil 5-martda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.
Xususan, 2025-yil may oyida vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq reja himoya qilinishi to‘g‘risida qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqilishi lozim.
Loyihada vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlarida ko‘rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartib nazarda tutiladi. Buning uchun mas’ul ijrochilar etib Oliy Majlis palatalari (kelishuv asosida) belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashishda parlamentning rolini tubdan oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalariga har yili byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish tavsiya etilgan.
2025-yil iyun oyida davlat fuqarolik xizmatida ishga qabul qilish jarayonlari ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, davlat fuqarolik xizmatchilari reyestrini belgilash, kadrlarni korupsiyaga moyillik darajasini o‘rganish bo‘yicha farmon loyihasi tayyorlanishi lozim.
Loyihada:
- davlat xizmatchilari reyestri;
- kadrlarning korrupsiyaga moyillik darajasini o‘rganish tartibi;
- davlat xizmatchilarini ishga qabul qilish jarayonini ochiq va shaffof o‘tkazish mexanizmlari;
- davlat xizmatchisining malakasi va salohiyati, erishgan natijalarini IT texnologiyalar asosida baholash, nomzodlarni lavozimga tayinlashda ularning bilimi, tajribasi va erishgan natijalarini asosiy mezon sifatida belgilash;
- vazirlik va idoralar markaziy apparatidagi rahbarlik lavozimlariga ustuvor ravishda quyi bo‘g‘inlarda ishlagan, tuman (shahar) darajasida rahbarlik lavozimlariga esa viloyat, respublika idoralarida ishlagan kadrlarni tayinlash bo‘yicha yangi tizimni joriy etish nazarda tutiladi.
Ushbu topshiriq ijrosi uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, DXX, Bosh prokuratura, IIV mas’ul bo‘ladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, iyun oyida davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”) samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror loyihasini ishlab chiqishi ham lozim.
Shavkat Mirziyoyev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashi yig‘ilishi 5-mart kuni bo‘lib o‘tgandi. Unda korrupsiyani bartaraf etish yuzasidan bajarilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar tanqidiy–tahlil qilingandi.
Izoh (0)