Futbol bo‘yicha Angliya Premyer ligasining 23-turi doirasida 18-yanvar, shanba kuni navbatdagi 6 ta o‘yin bo‘lib o‘tdi.
Mikel Arteta qo‘l ostidagi Londonning “Arsenal” klubi “Emireyts”da “Sheffild Yunayted”ni qabul qildi.
Bellashuvning 45-daqiqasida “to‘pchilar” vakili Gabriel Martinelli hisobni ochgan bo‘lsa, 83-daqiqaga kelib mehmon jamoa yarim himoyachisi Jon Flek hisobni tenglashtirdi (1:1).
Natijada bahs 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi va tomonlar bir ochkodan bo‘lishib oldi.
Qayd etish joiz, “Arsenal” 29 ochko to‘plagan holda musobaqa jadvalida 10-o‘rinda bormoqda. “Sheffild Yunayted” esa 33 ochko bilan 7-pog‘onani egallab turibdi.
Shu kuni Xosep Gvardiola boshqaruvidagi “Manchester Siti” esa o‘z maydonida “Kristal Pelas” bilan bahsga kirishdi.
Uchrashuv davomida mehmon jamoa a’zosi Jenk Tosun (39) o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygan bo‘lsa, “shaharliklar”dan argentinalik hujumchi Serxio Aguero (82, 87) dubl qayd etdi. So‘nggi daqiqalarda esa “mankunianlar” yarim himoyachisi Fernandinyo (90) avtogol muallifiga aylandi.
Shu tariqa “Siti” o‘z uyida kechgan bahsda “Kristal Pelas” bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi va bir ochkoga ega bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” 48 ochko yig‘ib, musobaqa jadvalida 2-o‘rinni band qilib turibdi.
“Kristal Pelas” esa 30 ochko bilan 9-o‘rindan joy oldi.
APL
23-tur bahslari
18-yanvar, shanba
Izoh (0)