Sirdaryo viloyatida 1,4 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan MCHJ fosh etildi, deb xabar bermoqda “O‘zenergoinspeksiya”.

Ma’lum qilinishicha, holat “O‘zenergoinspeksiya” Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi, DXX va viloyat prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida aniqlangan. Sirdaryo tumanida joylashgan “O.M.G.” MCHJ elektr qurilmalari uchun o‘rnatilgan elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatib, o‘zboshimchalik bilan elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra elektr ta’minoti korxonasiga 1 mlrd 460 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Bunday holatlar soni ortib bormoqda
Samarqand viloyatidagi korxonalardan biri 553 million so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlangandi. Shu bilan birga Qashqadaryoda 177 mln so‘mlik gaz va “svet”dan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlangani xabar qilingandi.
Shuningdek, Qashqadaryoda elektrdan noqonuniy foydalangan korxona davlatga 1 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazgan. Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etilgandi. Shuningdek:
- Buxoroda 1,2 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
- Qoraqalpog‘istonning uchta hududida 845 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanildi
- Buxoro va Jizzaxda elektrdan noqonuniy foydalanganlar 360 mln so‘mdan ziyod zarar yetkazdi
- Uchta viloyatda qariyb yarim mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanildi
Izoh (0)