Navoiy viloyati Xatirchi tumanida oltin konini portlatish maqsadida portlatish qurilmasini yasagan shaxsga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud “Daryo”ga xabar berdi.

Tergov va sud jarayonlarida aniqlanishicha, Sh.N. 2024-yilning mart oylarida Xatirchi tumani “Baxshijar” mahallasidagi xonadonida qo‘lbola usulda tayyorlangan uch dona portlatish qurilmalarini noqonuniy ravishda saqlab kelgan. Bu holat 2025-yil 14-yanvar kuni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida aniqlangan.
Sudda Sh.N. o‘z aybini to‘liq tan oldi. U portlovchi qurilmalarni oltin konini portlatish maqsadida yasaganini ta’kidlagan. Qurilmalarni yasashni esa internetda rus tilidagi video orqali o‘rgangani, qishloq xo‘jaligi o‘g‘iti, porox va elektr simlaridan foydalangani ma’lum qilindi.
Ayblanuvchi ta’kidlashicha, portlovchi qurilmalarni hech qachon ishlatmagan va boshqa zararli maqsadda qo‘llash niyati bo‘lmagan. Ushbu harakatlarni o‘z xonadonida, yakka holda amalga oshirganini qayd etdi. Qurilmalarni tayyorlash va saqlash uchun zarur bo‘lgan hech qanday rasmiy ruxsat yoki litsenziyaga ega emasligi ham tasdiqlangan.
Sud hukmiga asosan, erkak 2 yil ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi. U mazkur davrda faqat ish joyiga borish va uyga qaytish uchun kerakli vaqtdan tashqari qolgan vaqtda yashash joyidan chiqishi mumkin emas.
O‘zbekistonda o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilarini, portlovchi modda va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlari ixtiyoriga topshirganlar javobgarlikdan ozod etiladi. 2024-yilning avgustida o‘qotar bo‘lmagan qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganlar ham javobgarlikdan ozod qilinishi belgilangan.
Izoh (0)