Bundan 128 yil oldin dunyoning eng chekka mamlakatlaridan biri — Yangi Zelandiyada ayollar tarixda ilk bor umumiy saylov huquqiga ega bo‘ldi. Keyingi yuz yillik davomida butun dunyo bo‘ylab ayollar huquqlari uchun kurash olib borilib, ularga qator huquq va imtiyozlar berildi, jumladan, O‘zbekistonda ham. Xo‘sh, bugungi kunda o‘zbekistonlik ayollar qanday huquqiy imtiyozlarga ega? Ular o‘z imtiyozlaridan to‘liq xabardormi? “Daryo” Butunjahon ayollar saylov huquqi kuni munosabati bilan O‘zbekistonda ayollarga berilgan alohida huquqiy imtiyozlarning ba’zilari haqida to‘xtalib o‘tadi.
Bosh qomusimiz — Konstitutsiyaga ko‘ra, erkaklar va ayollar teng huquqlidirlar. Biroq bu ayollarga ayrim erkaklarda yo‘q huquqlardan foydalanishga xalaqit bermaydi. Ayollar tabiatan nozik xilqat bo‘lgani tufayli, ularga qaratilgan har qanday nohaqlik jamiyatda “noroziliklar bo‘roni”ni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababdan, ayol huquqlarini himoya qilish va ularga yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratib berish jamiyatda dolzarb masala hisoblanadi. Ammo bunga qanchalik erishiladi, bu umuman boshqa mavzu.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tillari olish huquqi
O‘zbekistonda ikki turdagi “dekret” ta’tillari mavjud: homiladorlik va tug‘ish hamda bolani parvarish qilish uchun olinadigan ta’tillar. Ikkinchi ta’tilni ayollar ham, erkaklar ham ololsalar, birinchisi faqat ayollargagina beriladi. Bu O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining 233-moddasida belgilab qo‘yilgan: “Ayollarga tug‘ruqqa qadar 70 kalendar kun va tug‘ruqdan keyin 56 kalendar kun muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha nafaqa to‘lanadi”.
Qonunchilik yana bir muhim masalani ko‘zdan qochirmagan, ya’ni homiladorlik og‘ir kechgan yoki 2 va undan ortiq bola dunyoga kelganida ayollarning vaziyati ancha mushkullashishini hisobga olgan holda bunday hollarda 56 emas 70 kun ta’til olish huquqi berilgan (MK 233-modda). Ushbu ta’til mobaynida ayollar ishlamaydi va homiladorlik ta’til boshlangan oydan oldingi 12 oy davrida olgan mukofotlarining 1/12 qismi va oylik ish haqi qo‘shilib aniqlangan o‘rtacha oylik ish haqini oladi.
Erkaklar ham bolani parvarishlash uchun beriladigan ta’tildan foydalanishlari mumkin (MK 234-modda). Masalan, agar bolani ona emas, ota parvarish qilishi to‘g‘risida kelishib olinsa, unda ayollar homiladorlik va tug‘ish ta’tilidan ertaroq chiqishi yoki uni umuman rasmiylashtirmasliklari mumkin. Bunday vaziyatda ota bola parvarishi uchun ta’tilni rasmiylashtirib oladi. Biroq bir vaqtning o‘zida ham ona, ham ota bu bola parvarishi uchun ta’tildan foydalanishlari mumkin emas.
Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa shu bo‘yicha Nizomning 4-bandi 48-punktiga muvofiq ish haqining 100 foizi miqdorida beriladi. Ammo bola parvarishi uchun olinadigan ta’til uchun nisbatan kamroq to‘lanadi. Bunda ayollar ham, erkaklar ham ta’til boshlangan oydan oldingi 12 oy davrida olgan mukofotlarining 1/12 qismi va oylik ish haqi qo‘shilib aniqlangan o‘rtacha oylik ish haqini oladi.
Statistikaga ko‘ra, bola parvarishi uchun beriladigan ta’tilni 1 foizgina otalar olar ekan.
Ota-onalarda farzandi yo‘q shaxslarga nisbatan mehnat huquqlari ko‘proq. Bu ota-onalar o‘zlaridan tashqari bolalarini ham ta’minlashlari, tarbiya qilishlari va ular bilan vaqt o‘tkazishlari zaruriyati bilan bog‘liq. Shu sababdan ham, ish beruvchi barcha ota-onalarni ham xizmat safariga yubora olmaydi. Mehnat kodeksining 228-moddasida ta’kidlanishicha, homilador ayollar, shuningdek, 14 yoshga to‘lmagan bolasi yoxud 16 yoshga to‘lmagan nogironligi mavjud bo‘lgan farzandi bor ayollarni ularning roziligisiz xizmat safariga yuborishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qo‘shimcha tarzda bunday onalar tungi ishlardan, ish vaqtidan tashqari ishlardan va dam olish kuni ishlashdan voz kechishlari mumkin. Ish beruvchi ularni majbur qilolmaydi. Aksincha, ayollar ish vaqtlarini qisqartirib berilishini, qo‘shimcha bir kun dam olish kuni yoki qo‘shimcha ta’til so‘rab ish beruvchiga murojaat qilishlari mumkin (MK XIV bob).
Erkaklarga esa Mehnat kodeksining 228-moddasida ko‘rsatilgan imtiyozlardan bolani yolg‘iz, ya’ni onasiz tarbiya qilayotgan bo‘lsalargina foydalanishlari mumkin (MK 238-moddasi).
Ish beruvchi shtatni qisqartirish to‘g‘risida bosh qotirayotgan paytda bolali shaxslarning ishda qolish ehtimoli yuqoriroq. Ayniqsa, yosh bolali ayollarning huquqlari ko‘proq. Agar bola 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, uning onasini shtatni qisqartirish vaji yoki attestatsiyadan o‘tolmaganligi uchun bo‘shatib yuborib bo‘lmaydi.
Bola parvarishi bo‘yicha ta’tilda bo‘lgan ota-onalarni ishdan bo‘shatish haqida esa gap bo‘lishi ham mumkin emas. Bunday holatlarga korxona butunlay tugatilgan va boshqa faoliyat yuritmayotgan bo‘lsagina yo‘l qo‘yilishi mumkin. Shunday hollarda mehnat shartnomasi ularni, albatta, ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonunchilikda belgilangan tegishli ijtimoiy to‘lovlar bilan ta’minlagan holda amalga oshiradi (MK 237-modda).
Ayollarda bunday himoya ishlab turgan yoki ta’tilda, eri bor yoki yo‘q va eri qancha ishlab topishidan qat’i nazar ishlaydi.
Ishda ortiqcha yuk ko‘tarmaslik huquqi
Qonun bo‘yicha ayollarning ular uchun mumkin bo‘lgan normadan ortiq yukni ko‘tarishi va tashishi man etiladi. Yukni ko‘tarish va tashish 9 kilogrammgacha, har soat ko‘pi bilan 2 marotaba; doimiy tashish 6 kilogrammgacha; ish vaqti davomida 300 kilogrammgacha, poldan ko‘tarish bo‘lsa 150 kilogrammgacha tashishga yo‘l qo‘yiladi.Tashishlari mumkin bo‘lgan yuk normalarining chegarasini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi va ish beruvchilarning vakillari maslahatini olgan holda tasdiqlaydi.
Ayollarning ta’minot olishdagi ustunligi
Oila a’zolari bir-birlaridan o‘zaro moliyaviy yordam olishga haqlari bor. Er-xotinlar agar ikkisidan biri mehnatga layoqatini yo‘qotgan bo‘lsa, biri ikkinchisini ta’minlashi shart. Erkaklar xotini homilador bo‘lsa yoki farzandi uch yoshga to‘lmagan bo‘lsa, u holda turmush o‘rtog‘ining ta’minotini bo‘yniga olishi kerak. Bu sobiq xotinlarga ham tegishli.Ya’ni ajrimda ayol eridan farzandi uch yoshga to‘lguniga qadar o‘zi uchun ham aliment talab qilishi mumkin. Erkaklar esa xotinidan faqatgina bola ota bilan qolgan taqdirdagina aliment talab qilish huquqiga ega.
Aliment summasi borasida o‘zaro murosaga kelolmayotgan er-xotinlar sudga murojaat qilishlari kerak.
Qonun erkaklarga 2 xil vaziyatda ajrashish tashabbusi bilan chiqishni taqiqlaydi:
- Xotini homilador bo‘lsa;
- Bola tug‘ilganiga, hali bir yil to‘lmagan bo‘lsa.
- Bu vaziyatda ajrashishga ayolgina qaror qabul qilishi mumkin. Bu qoida bola o‘lik tug‘ilgan yoki tug‘ilgandan so‘ng bir yil ichida vafot etgan hollarda ham tatbiq etiladi.
Ayollarning nafaqaga doir huquqlari
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti” to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, ayollar erkaklardan besh yil oldin nafaqaga chiqadi. Undan tashqari ayollarning bu borada qo‘shimcha huquqlari bor. Masalan, agar ular ish staji kamida 20 yil bo‘lib, bolalikdan nogiron farzandlarini sakkiz yoshgacha tarbiyalagan bo‘lsa yoki ayol o‘gay o‘g‘il va qizni ular 8 yoshga to‘lguniga qadar kamida 5 yil tarbiyalagan bo‘lsa, ularning nafaqaga chiqish yoshi imtiyozli ravishda yana 5 yilga qisqartirilishi mumkin.Qolaversa, imtiyozli nafaqalar tayinlash chog‘ida ham ayollarga yengillik berilgan. Misol uchun, yerosti ishlarida, mehnat sharoiti o‘ta zararli va og‘ir ishlarda to‘liq ish kuni davomida band bo‘lgan xodim erkaklarning ish staji kamida 20 yil bo‘lib, bundan kamida 10 yili shu ishlarga to‘g‘ri kelsa yoshlari 10 yilga qisqartirilgan holda imtiyozli pensiya oladi. Ayollarda esa ish staji kamida o‘n besh yil, undan yetti yil-u olti oyi shu ishga to‘g‘ri kelsa bas.
Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar parvarishi hamda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun ayollar nafaqa olishlari mumkin.
2021-yil 1-sentabrdan boshlab, prezident farmoni bilan shu paytga qadar amalda bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga 14 yoshgacha bolalari uchun nafaqa va 2 yoshgacha bolani parvarish qilish nafaqasi o‘rniga yagona bolalar nafaqasi joriy etildi. Ushbu nafaqani tayinlashda:
- bolalar yoshi me’yori 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi;
- to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytirildi;
- nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi;
- farzandi bo‘lmagan yoki farzandlari 18 yoshdan katta bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga ham moddiy yordam tayinlandi.
- Bolalar nafaqasi va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lovlarining quyidagi yangi miqdorlari belgilanmoqda. Bolalar nafaqasi oilaning:
- 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun — 250 000 so‘m (+56 000 so‘m);
- 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun — 325 000 so‘m (+131 000 so‘m);
- ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha — 150 000 so‘m (+186 000 so‘m);
- uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun-100 000 so‘mdan (amaldagi 190 ming so‘mdan 290 ming so‘mgacha ko‘p);
- moddiy yordamning miqdori — 380 000 so‘m.
Xotin-qizlarning o‘qishga doir imtiyozlari
Yana bir faqat yurtimizda mavjud bo‘lgan xotin-qizlar uchun yaratilgan qulayliklardan biri — “Xotin-qizlar granti”. Ijtimoiy muhtoj oilalardan chiqqan xotin-qizlar uchun OTMlarda qo‘shimcha grant o‘rinlari ajratilgan bo‘lib, oliy ma’lumot olishni istayotgan va 2021-yil 3-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020-yil 23-iyundagi 402-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi №338-sonli qaroriga ko‘ra ushbu nizomning mezonlariga mos kelgan qizlar o‘zlari istagan OTMda davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishlari mumkin. Mezonlar deganda ehtiyojmandlik darajasiga ko‘ra “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilaning qiz farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar to‘g‘risida so‘z ketmoqda.Jinoyat qonunchiligida ayollarga belgilangan yengilliklar
Jazo berishda ham ayollarga bir qator yengilliklar yaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 29-moddasiga binoan Ma’muriy qamoqqa olish chorasi homilador ayollarga, uch yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollarga, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini yakka o‘zi tarbiyalayotgan shaxslarga qo‘llanishi mumkin emas.Qo‘shimcha qiladigan bo‘lsak, Jinoyat kodeksining 21²-moddasiga ko‘ra homilador va uch yoshgacha bolasi bor ayollarga majburiy mehnat jazosi va axloq tuzatish ishlari qo‘llanilmaydi. Jinoyat kodeksida eng uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish muddati etib 25 yil belgilangan bo‘lsa-da, ayollar umrbod ozodlikdan mahrum etilmaydilar va ularga tayinlanadigan jazo ushbu muddatning 2/3 qismidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.
Gender tengligining ta’minlanishi
Jamiyatning nozik nuqtalaridan biri — xotin-qizlarga nisbatan bo‘lgan tazyiq va zo‘ravonlikni ham kamaytirish va bu orqali ayollarni oila va ishda himoya qilish maqsadida 2019-yil sentabrida “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” qonun e’lon qilindi. Qonunga asosan, ayollar bir qator vakolatli organlar — Vazirlar Mahkamasi, joylardagi mahalliy davlat, ichki ishlar, mehnat organlari, ta’limni davlat tomonidan boshqarish tizimi hamda ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tizimi va sog‘liqni saqlash muassasalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan turli shaklda himoya qilinishi ko‘zda tutilgan.O‘zbek mentalitetdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, ayollar tazyiq va zo‘ravonlikka uchraganlarida bu haqida vakolatli organlarga xabar berishdan uyaladi. Shu sabab ushbu qonunda xotin-qizlarga himoya orderini nafaqat jabrlanuvchining, balki yon-atrofdagilarning murojaatiga ko‘ra berish ham ko‘zda tutilgan. Jumladan, jamoatchilik, ish joylaridagi faollar, rahbarlar, mahalladagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassislar, qo‘ni-qo‘shnilar. Himoya orderi berish tartibi shundayki, xabar berilganida profilaktika inspektori voqea joyiga zudlik bilan borib, hujjatlarni rasmiylashtiradi va (jabrlanuvchiga) darhol himoya orderini beradi.
Ayollarga yaratilgan imtiyoz va yengilliklar shulardangina iborat emas. Ularni har jabhada himoya qilish va huquqlarini kengaytirishga doir chora-tadbirlar yildan yilga ko‘paymoqda. Bu imtiyozlar “og‘izda” qolibgina ketmasdan, hujjatlarga ko‘chirilib, qonun himoyasiga olinmoqda. Ammo ularning amaliyotda ishlatilishi va ayollar tomonidan foydalanilishi hozircha keng miqyosda amalga oshirilganicha yo‘q.
Mushtariybegim Rashidova va Muhammadqodir Sobirov tayyorladi
Izoh (0)