Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 17 yashar o‘g‘li Adam Qodirovni respublika Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlagan bo‘lishi mumkin. Chechenistonning rasmiy ommaviy axborot vositalari Adamni aynan shu maqomda tilga ola boshladi. Bu haqda “Agenstvo” xabar berdi.

Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi Adam Qodirovning topshirig‘ini bajarish doirasida uning o‘rinbosarlari Aslan Julagov va Salambek Abdrashitov Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Checheniston bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Rizvan Zalayev bilan navbatdagi ishchi uchrashuv o‘tkazdi, deyilgan xabarda.
Ushbu matn Checheniston hukumati tomonidan ta’sis etilgan “Grozniy-Inform” va “Checheniston segodnya” davlat ommaviy axborot vositalari tomonidan e’lon qilingan.
Bungacha Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimini respublika rahbarining jiyani Hamzat Qodirov egallab kelayotgan edi. Lavozim o‘zgargani haqida hozircha rasmiy xabar e’lon qilinmagan. Checheniston Xavfsizlik kengashi saytida hamon Hamzat Qodirov kotib ekani qayd etilgan. Davlat nashrlarida u haqidagi so‘nggi yangilik 7-aprelga to‘g‘ri keladi. Shu kuni u Checheniston kasaba uyushmalari federatsiyasining yubiley medali bilan taqdirlangan.
Adam Qodirov 2023-yilda qamoqxonada Qur’onni yoqib yuborganlikda ayblangan Nikita Juravelni kaltaklaganidan keyin jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi. Voqeadan so‘ng Adam ko‘plab mukofotlar va tayinlovlarga ega bo‘la boshlagan.
Uning mukofotlari orasida Checheniston Qahramoni unvoni, “Do‘stlik” ordeni (Tataristonda ikkinchi o‘rinda turadi), “Kabardin-Bolqor Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun” ordeni, I darajali “Islom diniga xizmatlari uchun” ordeni, shuningdek, “Ummat oldidagi xizmatlari uchun” mukofoti bor.
Mart oyida “Rosgvardiya” unga Ukrainaga qarshi urushga “katta hissa qo‘shgani” uchun “Jangovar xizmatlari uchun” idoraviy medalini topshirgandi. Garchi Qodirovning o‘g‘li jangovar harakatlarda qatnashmagan bo‘lsa ham.
Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimi 17 yoshli o‘smir uchun birinchi yuqori lavozim emas. Mart oyida u respublika IIV kuratori bo‘ldi, avvalroq esa Checheniston rahbari xavfsizligini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan. 2024-yil oktyabr oyida uning nomi Federatsiya subyekti rahbari xavfsizlik xizmatining eng yosh rahbari sifatida Rossiya rekordlar kitobiga kiritilgan. O‘shanda u 16 yoshda edi.
Aprel oyida “Agentlik” ham chegara xizmati ma’lumotlariga tayanib Adam Qodirov xorijga chiqish uchun ikki xil pasportdan foydalanayotgani haqida xabar bergan edi. Ulardan biri bo‘yicha u Muhammad Ramzanovich Qodirov, ikkinchisi bo‘yicha esa Muhammad Ramzanovich Musayev tarzida o‘tadi.
Izoh (0)