Prezidentning “Paxta xomashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qo‘llashni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, 2025-yil paxta hosilidan:
- O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi kalendar yilining 1-noyabr kunida (2025-yil hosili uchun 1-fevralda) paxta tolasining Nyu-York birjasidagi fyuchers kotirovkalarining oxirgi 6 oydagi o‘rtacha kotirovkasidan kelib chiqqan holda kelgusi yil hosili uchun paxta xomashyosining boshlang‘ich narxini (birinchi nav, ikkinchi sinf) aniqlab, Birjaning rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi;
- mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha paxta xomashyosi yetishtiruvchi xo‘jaliklar va klasterlar hamda paxta xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida paxta xomashyosi yetkazib berish bo‘yicha oldi-sotdi (fyuchers, forvard va spot) shartnomalari Birjaning paxta xomashyosi seksiyasida har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan savdolarda tuziladi;
- xo‘jaliklar hamda qayta ishlovchilar o‘rtasida tuziladigan shartnomalar tomonlarning erkin tanlovi asosida o‘tkaziladigan birja savdolari orqali xo‘jaliklar tomonidan yetkazib berish muddatlarini hamda bir yoki bir nechta xaridorni mustaqil ravishda tanlash orqali rasmiylashtiriladi.
Birjada barcha shartnomalar “Agroplatforma” axborot tizimi bilan integratsiya qilingan maʼlumotlar bazasida mavjud bo‘lgan xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida tuziladi.
Farmonga muvofiq, 2025-yil paxta hosilidan fyuchers shartnomalari kalendar yilning 1-noyabridan keyingi yilning 1-iyunigacha xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida birjada erkin shakllanadigan, biroq eʼlon qilingan boshlang‘ich narxdan past bo‘lmagan narxda tuziladi.
Shuningdek, forvard shartnomalari kalendar yilning 1-noyabridan keyingi yilning 1-martigacha xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida o‘zaro kelishilgan narxlarda tuziladi.
Shu bilan birga, spot shartnomalari real vaqt rejimida omborda saqlanayotgan paxta xomashyosi hajmiga xo‘jaliklar va qayta ishlovchilar o‘rtasida o‘zaro kelishilgan narxda tuziladi.
Bundan tashqari, saqlash omborlari yoki ijara shartnomalari mavjud bo‘lmagan xo‘jaliklar o‘zi yetishtiradigan paxta xomashyosi bo‘yicha har hosil yilining 1-martigacha forvard yoki 1-iyunigacha fyuchers shartnomalari rasmiylashtiradi.
2025-yil hosilidan paxta xomashyosini o‘z mablag‘lari va tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, Birjada sotgan xo‘jaliklarga shakllangan hisobvaraq-faktura qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Bundan tashqari, paxta xomashyosini yetishtirish uchun olingan imtiyozli kreditlarni hosil yilining yakuniga (tegishli yilning 31-dekabriga) qadar qaytargan xo‘jaliklarga ushbu kreditlar bo‘yicha to‘langan foiz to‘lovlarining 4 foizlik punktini subsidiya sifatida qaytarib berish tartibi joriy etiladi.
2024-yili Hukumat tomonidan 9-oktyabrdan boshlab qo‘lda terilgan 1 kg paxta uchun 2500 so‘mdan to‘lash belgilangani haqida xabar berilgandi.
2023-yili O‘zbekistonda paxta terimi uchun yangi to‘lov narxlari e’lon qilingani, unda 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda 2100 so‘mdan, ikkinchi terimda 2600 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanishi belgilangani haqidagi xabarlar tarqalgandi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunday xabarlar asossiz ekanini ma’lum qilib, ayni kunlarda paxta terimiga narx belgilash bo‘yicha ishlar vazirliklar bilan kelishuv jarayonidaligini bildirgandi.
Keyinroq O‘zbekistonda paxta xomashyosi narxi talab va taklifdan kelib chiqib tomonlar kelishuvi asosida belgilanishi aytilgan edi.
Izoh (0)