O‘zbekistonda jamoatchilikni harakatga keltiradigan kuch deputatlar bo‘lishi kerak. Bu haqda 6-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov fikr bildirdi.

Hokimning aytishicha, davlat tuzilmalari jamoatchilikka tayanib ishlashni yo‘lga qo‘yishi zarur. Jamoatchilikni harakatga keltiruvchi kuch esa deputatlar bo‘lishi lozim.
“Deputat gapirgandan keyin eʼtibor berilmasa, yaxshi emas. Deputat, mahalla raisi jim bo‘lsa, fuqaro yozayotgan bo‘lsa, bilingki, o‘sha joyda tartib yo‘q. Deputatning o‘rni va mavqeyi bo‘lishi lozim. Buning uchun u talab qilgan masala yechilishi zarur. Agar deputat so‘rovnoma jo‘natsa-yu, unga hech kim eʼtibor bermasa, bir marta yozasan, ikki marta yozasan, uchinchisida yozmaydi. Shuning uchun tartibni o‘zgartirishimiz kerak. Taklifim, deputat so‘rovnomasi tizimini yaratishimiz kerak”, dedi hokim.
Erkinjon Turdimov fikricha, deputatning kengash va saylovchilar oldida obro‘yi bo‘lishi muhim.
“Deputat saylovchilar masalalarini ko‘tarib, har qanday darajadagi rahbarga, viloyat rahbariga masalani ko‘ndalang qo‘yish kerak. Va bu masalani yechish bo‘yicha choralarni ko‘rishimiz lozim. Masaladan qochishimiz kerak emas, unga to‘ppa-to‘g‘ri chiqishimiz kerak. Uni aylanib o‘tmasak, yechsak, kelib chiqish sabablarini o‘rganib, boshqa joylarda ham shunaqa holatlar ro‘y bermasligi nuqtayi nazaridan yondashsak, muammomiz kam bo‘ladi”, degan hudud rahbari.
Avvalroq Erkinjon Turdimov obodonlashtirish brigadasi boshlig‘i qo‘l ostida ishlaydigan ayol nomiga kredit olib hajga borganini tanqid qilgandi.
Ma‘lumot uchun, Erkinjon Turdimov joriy yil yanvarda Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. U 2018-yildan 2025-yil noyabrgacha Samarqand viloyatini boshqargan.
Izoh (0)