Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, paxta va g‘alla hosildorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament majlisidagi nutqida aholi soni ko‘payib borayotgan hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash eng dolzarb vazifa ekanini taʼkidladi.
Haqiqatan, yurtimiz aholisi yiliga qariyb 1 million nafarga o‘sib boryapti. Yer va suv manbalari esa cheklangan. Shu bois ichki bozor barqarorligini omilkorlik va hosildorlik orqali taʼminlash mumkin.
Taqdimotda qishloq xo‘jaligi vaziri shu boradagi rejalarni bayon etdi.
Kelgusi yil 4 million 800 ming gektarda ekinlar yetishtirish mo‘ljallangan. Shundan 2 million gektardan ziyod yerda meva-sabzavot, kartoshka, dukkakli va poliz mahsulotlari ekiladi. Ularning dalalarda joylashtirilishi va hosilning zaxiraga jamlanishi monitoring qilib boriladi.
Xususan, aholiga birlamchi zarur bo‘lgan 10 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining tizimli hisob-kitobi yuritiladi. Bunda har bir tuman kesimida qanday mahsulot yetishtirilishi va ichki bozor uchun qancha zaxira qilinishi mujassam bo‘ladi.
Maʼlumki, prezident tashabbusi bilan 260 ming gektar yer 800 ming aholiga dehqonchilik qilish uchun bo‘lib berilgan edi. Shuningdek, Sayxunobod tajribasi asosida tomorqalarda mahsulot yetishtirish qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu odamlarni, ayniqsa, yoshlarni ish o‘rni va daromad bilan taʼminlashda to‘g‘ri yo‘l bo‘lganini hayotning o‘zi ko‘rsatdi. Shuningdek, bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘p yetishtirilib, ularning narxi keskin oshib ketmasligida muhim omil bo‘ldi.
Endi bu ishlarning sifatini oshirib, ajratilgan yerlar va tomorqalardan unumli foydalanish, aholiga ilmiy va amaliy jihatdan ko‘maklashish zarur. Bundan tashqari, tumanlarning o‘zi qishloq xo‘jaligiga grant va texnik ko‘maklar jalb etishi, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llashi talab etiladi.
Davlat rahbari xorijiy tajribani o‘rganib, kartoshkachilik tizimini takomillashtirish va hosildorligini oshirish zarurligini taʼkidladi.
O‘tgan yilgi qishda 9 ming gektar bog‘ va 4 ming gektar uzumzorni sovuq urgan edi. Oqibatda 207 ming tonna hosil nobud bo‘ldi.
Prezident bunday ob-havo sharoitlarida dehqonlar zararining oldini olish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shunga muvofiq, xorijiy mutaxassislar bilan birga “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Uning qabul qilinishi dehqon va fermerlarning iqtisodiy himoyasini taʼminlaydi.
Paxtachilikda xorijiy navlarni ekishning natijadorligi tahlil qilindi.
Davlat rahbari bu borada klaster, fermer va sanoat korxonalari fikrini o‘rganib, masalaga ilmiy yondashish, fermerlarni zamonaviy agrotexnologiyalarga o‘qitish muhimligini taʼkidladi. Zamonaviy paxta terish mashinasi va aholi tomorqalari uchun kichik agrotexnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barcha hududlarda daraxtzorlar barpo etilmoqda. Shunday bog‘lar atrofi hamda dala chetlarida odamlarga manfaat keltiradigan ekinlar yetishtirish mumkinligi aytildi.
Taqdimotda viloyat va tumanlarda qishloq xo‘jaligi sohasida boshqaruv tizimini isloh qilishga oid takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)