Yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida Google Gemini Guided Learning vositasini ishga tushirishini e’lon qildi. Bu vosita interaktiv sun’iy intellekt repetitori sifatida taqdim etilmoqda.

Guided Learning vazifalarni bosqichma-bosqich tahlil qilish tamoyili asosida ishlaydi va tushuntirishlarni foydalanuvchining shaxsiy ehtiyojlariga moslaydi. Jarayonda grafiklar, rasmlar, videolar va testlar kabi vizual materiallar qo‘llaniladi. Bu esa nafaqat so‘rovga javob olish, balki mavzuning konseptual asoslarini chuqurroq tushunish imkonini beradi.
Ta’kidlanishicha, bu yangilik Google’ning ta’lim jarayonlariga sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha keng qamrovli strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Bu esa AI xizmatlari o‘quvchilarning faolligini pasaytirishi va ta’limni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yechimlar bilan almashtirishi mumkinligi haqidagi ortib borayotgan xavotirlar fonida amalga oshirilmoqda.
Guided Learning’ga qo‘shimcha ravishda, Google Gemini’ning ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan takomillashtirishlar haqida ma’lum qildi. Endi AI vizual tushuntirishlarni (sxemalar, rasmlar, YouTube videolari) to‘g‘ridan-to‘g‘ri javoblarga avtomatik tarzda joylashtiradigan bo‘ldi. Shuningdek, taqdim etilgan materiallar yoki test natijalari asosida eslab qolish uchun kartochkalar va moslashtirilgan o‘quv qo‘llanmalarini yaratish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bundan avval OpenAI ChatGPT’da bilimlarni bosqichma-bosqich mustahkamlashga mo‘ljallangan yangi funksiya – “O‘quv rejimi”ni (Study Mode) taqdim etgandi.
Izoh (0)