AQSH yana YUNESKO a’zoligidan chiqmoqchi. Bu davlat avval ham, 2017-yilda aynan Tramp prezidentligi paytida YUNESKOni tark etgandi. Oradan 7 yil o‘tgach 2023-yilda Jo Bayden Amerikani xalqaro tashkilot safiga qaytarishga qaror qilgandi. Xo‘sh, Tramp nega AQSHning YUNESKOga a’zo bo‘lishini xohlamaydi. Buning sababi nima?
Bundan bir necha kun avval Donald Tramp AQSHni BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) tarkibidan chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar tarqaldi.
Bu haqda yozib chiqqan The New York Post gazetasi Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kellining so‘zlariga asoslangan. Ma’lum bo‘lishicha, Tramp tashkilotning Amerikaga va Isroilga qarshi kayfiyatidan norozi.
Biroq ko‘pchilik siyosatchilar, xalqaro ekspertlar gap YUNESKOning qanday ishlayotganida emas, shunchaki Tramp har doim zo‘r berib bosqinchi Isroilni qo‘llab kelgani va shu sababli doim Falastinni qo‘llab kelgan tashkilotni yomon ko‘rishini aytishmoqda.
YUNESKO Falastinni qanday qo‘llaydi? AQSH Falastinga nisbatan noxolis siyosat yurg‘izadi? Tramp nega YUNESKOdan bezor bo‘lgan? Quyida shular haqida mulohaza yuritamiz.
Falastin BMTda kuzatuvchi, YUNESKOda to‘laqonli a’zo
Falastinning BMT tarkibidagi tashkilotlar ishida qatnasha boshlashi tarixi 1970-yillarda boshlangan. 1974-yilda BMT maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinadi va unga ko‘ra Falastin ozodlik tashkiloti (keyingi o‘rinlarda FOT) BMT Bosh assambleyasida kuzatuvchi maqomini oladi.
1989-yilda Afrikadagi Jazoir, Mavritaniya, Nigeriya va Senegal YUNESKOga Falastinni mustaqil davlat sifatida o‘z safiga qabul qilishini so‘rab murojaat qilishadi. Biroq tashkilot AQSH boshchiligidagi G‘arb davlatlarning bosimi ostida bu so‘rovni rad etadi.
1998-yilda BMT Bosh assambleyasi maxsus rezolyutsiya bilan Falastinga Bosh assambleya yig‘inlarida to‘laqonli qatnashish, qabul qilinadigan rezolyutsiyalarda hammuallif bo‘lish va boshqa vakolatlarni beradi.
O‘shanda bu rezolyutsiyani dunyoning 124 ta davlati qo‘llaydi, 4 ta davlat – Isroil, AQSH, Marshall orollari va Mikroneziya qarshi chiqadi.
21-asrda AQSH Falastinga nisbatan ikki tomonlama siyosat yurg‘iza boshlaydi. Bir tomondan Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi mumkinligini gapirsa, ikkinchi tomondan Falastinning BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun topshirgan arizalariga veto qo‘yishda davom etadi.
Masalan, 2012-yil 29-noyabr kuni BMT Bosh assambleyasida Falastinni ushbu tashkilotga kuzatuvchi sifatida qabul qilish masalasi ovozga qo‘yiladi.
Shunda 138 ta davlat Falastinni qo‘llab ovoz beradi. 9 ta davlat qarshi chiqadi. Qarshi bo‘lganlar orasida AQSH ham bor edi. 41 ta davlat betaraf qoladi. Shu tariqa 1988-yilda o‘z mustaqilligini e’lon qilgan Falastin oradan 24 yil o‘tib, mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan BMTda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ladi.
Falastin BMTda kuzatuvchi maqomini qo‘lga kiritgach, oradan bir necha oy o‘tib, 2013-yil 5-yanvarda Mahmud Abbos Falastin ma’muriyati nomini Falastin davlati deb o‘zgartirish haqidagi farmonga imzo chekadi.
Shu paytgacha Falastin mustaqilligini dunyoning 147 ta davlati tan olgan. Jumladan, Osiyo va Afrikaning qariyb barcha davlatlari, shuningdek, sobiq ittifoq respublikalari (Latviya, Litva va Estoniyadan tashqari) va Sharqiy Yevropa davlatlari.
AQSH, Kanada, Avstraliya, Britaniya, Fransiya, Portugaliya, Italiya va G‘arbiy Yevropadagi boshqa davlatlar hamda Yaponiya tan olmagan. Ana shu joyda AQSH boshchiligidagi G‘arb davlatlari Falastinga nisbatan ikki xil siyosat olib borayotgani oydinlashadi.

Ular bir tomondan Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishini xohlashlarini aytishadi. Ikkinchi tomondan Isroilni qo‘llab, Falastinning mustaqilligini tan olishmaydi. Arab davlatining o‘z chegaralariga ega bo‘lishini, BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishini umuman xohlashmaydi.
Umuman olganda AQSH Isroilni 1947-yilda BMT rezolyutsiyasi bilan Falastin hududida ikkita arablar va yahudiylar davlatini tashkil etish haqidagi rezolyutsiya qabul qilingandan boshlab qo‘llab keladi.
Jumladan, Amerika Isroil davlatini tuzishda, undan so‘ng turli yillarda kechgan Arab—Isroil urushlarida yahudiy davlatini qo‘llaydi, unga harbiy yordam beradi.
Falastinning YUNESKOga a’zo bo‘lishiga qarshi chiqqan AQSH
AQSH Isroilni qo‘llab, Falastinga nisbatan noxolis siyosat yurgizishni XXI asrda ham davom ettirmoqda. Birgina misol, 2011-yil 31-oktyabrda BMTning ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘limi bo‘lgan YUNESKO umumiy ovoz berish yo‘li bilan Falastinni o‘z a’zoligiga qabul qiladi.
Bunga 107 davlat rozi, 52 davlat betaraf, 14 davlat qarshi bo‘ladi. Qarshi chiqqanlar AQSH, Isroil, Kanada, Germaniya, Avstraliya kabi davlatlar edi.
O‘shanda sal avval bu masala kun tartibiga chiqqanda, AQSH agar Falastin tashkilot safiga qabul qilinsa, YUNESKOga a’zolik badali to‘lamasligini bildiradi. Isroil Amerikaning bu ishini qo‘llab-quvvatlaydi.

O‘sha paytlarda AQSH tashkilot uchun yiliga 70 million dollar atrofida mablag‘ ajratardi va bu YUNESKO byudjetining taxminan 20 foiziga teng edi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: AQSH nega Falastinning YUNESKOga to‘laqonli a’zo bo‘lganini “hazm” qila olmadi? Bundan AQSH manfaatlariga qanday zarar yetadi?
Gap shundaki, Falastin va Isroil yerlarida Butunjahon madaniy meros tarkibiga kiruvchi ko‘plab obidalar bor. YUNESKO ana shu obidalarni Isroil va Falastinning 1947-yilda belgilangan chegaralari bo‘ylab kimga tegishli ekanini hisobga oladi.
Shuningdek, hozirgi kunda Isroil nazoratida bo‘lgan Quddus shahrining bir qismini ham Falastin hududi deb biladi. Tashkilotning tarixiy obidalar va boshqa obyektlarni bunday tarzda hisobga olishi bugungi kunda Falastinga tegishli hududning katta qismini egallab olgan Isroilga va uning yaqin ittifoqchisi AQSHga yoqmaydi. Shu sababli ham Amerika YUNESKO bilan ziddiyatga bordi.
O‘shanda, ko‘pchilik AQSH YUNESKOga a’zolik badallarini to‘lashni to‘xtatsa tashkilotda moliyaviy qiyinchilik yuz berishi va u AQSHga yon berishini kutgandi. Biroq bunday bo‘lmadi va YUNESKO yon bermadi. Hatto agar AQSH a’zolik badalini to‘lamasa, uni tashkilot ishlarida ovoz berish huquqidan mahrum qilishini e’lon qildi.
Shu tariqa AQSH 2011-yildan boshlab YUNESKOga a’zolik badalini to‘lashni to‘xtatdi. Tashkilot ham qarab turmadi va AQSHni ovoz berish huquqidan mahrum qildi. 2017-yil yanvarda Tramp prezident bo‘lgach AQSHning YUNESKO safidan chiqishi haqida qaror qabul qildi.
Oxir-oqibat, 2018-yil 31-dekabrdan boshlab AQSH YUNESKO a’zoligidan rasman chiqib ketdi va uning safida shunchaki kuzatuvchi maqomida qoldi.
Ma’lumot uchun, AQSH 1984-yilda Ronald Reygan boshqaruvi davrida ham YUNESKO safidan chiqib ketgandi. O‘shanda Amerika tashkilotni «AQSHga qarshi xatti-harakatlar qilganlik»da ayblangan. Keyinchalik, 2003-yilda AQSH YUNESKOga qayta a’zo bo‘lgan edi.
Shu o‘rinda kimdir, AQSHning YUNESKO bilan ziddiyati Barak Obama prezident bo‘lgan davrda boshlangan ekan-ku deyishi mumkin. To‘g‘ri, biroq Obama faqat a’zolik badalini to‘xtatib qo‘ygan, tashkilot safidan chiqish haqida gapirmagan. Bu ish Tramp prezident bo‘lgach sodir bo‘ldi.
Bu shuni anglatadiki, YUNESKOga nisbatan norozilik aynan Trmpda kuchli. Shu sababli ham u 2023-yilda YUNESKO safiga qaytgan AQSHni yana tashkilotdan chiqarib olmoqchi bo‘lyapti.
Falastinni Isroilga bo‘ysundirmoqchi bo‘lgan Tramp
Donald Tramp birinchi prezidentlik davrida Falastinni deb nafaqat AQSHni YUNESKO safidan chiqarib oldi, balki arab davlatining yaqin yillarda BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, bunga qarshi “Asr kelishuvi” rejasini ilgari surdi.
Rejaga ko‘ra, Isroil, Falastin va G‘azo sektorida nazorat o‘rnatgan HAMAS harakati “Yangi Falastin” deb nomlanadigan Falastin davlati tashkil etilishi haqidagi kelishuvni imzolaydi.
Bu yangi davlat hududi faqat Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i va G‘azo sektorini o‘z ichiga oladi. Isroil tomonidan egallab olingan Falastin yerlari yangi davlatga berilmaydi va ular yahudiylar qo‘l ostida qoladi.
Shuningdek, Quddus bo‘linmaydi va u “Yangi Falastin” hamda Isroilning umumiy poytaxti maqomini oladi. Shaharning arab aholisi Falastin, yahudiylar esa Isroil fuqarolari bo‘ladi. Arablarga yahudiylarning uylarini, yahudiylarga esa arab uylarini sotib olish taqiqlanadi.
“Yangi Falastin” Misrdan G‘azo sektoriga chegaradosh yerlarni ijaraga oladi. Bu hududda aeroport, turli korxonalar quriladi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiriladi va savdo hududlari barpo etiladi.
Misrdan ijaraga olinadigan yerlarning o‘lchami va ijara narxini “Asr kelishuvi”ni qo‘llab-quvvatlovchi tomonlar — AQSH, Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazi davlatlari belgilaydi. Bu davlatlar “Yangi Falastin”ga milliy loyihalar uchun 5 yil davomida 30 mlrd dollar mablag‘ beradi.
“Asr kelishuvi”ning eng ziddiyatli bandlari Falastin davlatida armiya va politsiya bo‘linmalari bo‘lmasligi, politsiya xodimlari yengil qurol olib yurishi haqida edi. Kelishuv imzolanganidan so‘ng, HAMAS o‘z qurollarini topshirishi, bir yil ichida Falastinda saylovlar o‘tkazilishi lozim bo‘lardi.
Shuningdek, Iordan daryosi vodiysi Isroilga tegishli bo‘lishi kerak edi. Qisqasi, Trampning “Asr kelishuvi”da Falastin Isroil davlati ichida hatto yetarlicha avtonom huquqi ham bo‘lmagan bir hududga aylanishi reja qilingandi.
O‘shanda Tramp agar HAMAS va Falastin yuqorida keltirilgan takliflardan voz kechsa AQSH falastinliklarga moliyaviy yordam sifatida berayotgan pullarni bermay qo‘yishini aytadi. Mabodo Isroil va HAMAS o‘rtasida ixtiloflar kelib chiqsa AQSH Isroilni qo‘llab-quvvatlashga va’da beradi. O‘shandan buyon jahon afkor ommasi Tramp Isroilni har tomonlama qo‘llab kelayotganini ko‘rib kelmoqda.
Tramp va uning ma’muriyati tomonidan Falastinga taklif etilayotgan “Asr kelishuvi”ning tafsilotlari ommaga oshkor bo‘lgach, bir qator xalqaro tashkilotlar va davlatlar rahbarlari unga qarshi chiqadi.
Jumladan, Islom hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi, Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘on, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy yana boshqalar va Yevropa Ittifoqi vakillari “Asr kelishuvi”da ilgari surilayotgan rejalarni tanqid qilishadi.
Loyihaga qarshi chiqqanlar “Asr kelishuvi”da Tramp va uning ma’muriyati Isroil manfaatlari asosiy o‘ringa qo‘ygani va Falastin manfaatlari mutlaqo inobatga olinmaganini aytib chiqishadi.
Trampning Quddusni Isroil poytaxti deb tan olishi va elchixonaning ko‘chirilishi
Tramp Isroil foydasiga ishlaydigan “Asr kelishuvi” loyihasini e’lon qilar ekan, yana bir ishi bilan Falastin davlati va xalqidan boshqacha tarzda o‘ch oladi. U Quddusni Isroil poytaxti deb tan olishini e’lon qiladi ko‘p o‘tmay Tel-Avivda joylashgan AQSH elchixonasini Quddusga ko‘chiradi.
Trampning bu ishi BMT rezolyutsiyalariga zid edi. Chunki BMTning Falastin yerlarini ikkita davlat tashkil etish haqidagi rezolyutsiyasiga ko‘ra Quddus shahrining sharqiy qismi Falastinga tegishi, g‘arbiy qismi esa xalqaro mandat bilan boshqariladigan alohida hududiy birlik bo‘lishi kerak edi.
Agar Quddus shahrining yangi tarixiga nazar solinsa, yahudiylar bu shaharni Isroil davlati tuzilgan zahoti egallaganini ko‘rish mumkin. Jumladan, 1947—1949-yillarda bo‘lib o‘tgan Arab—Isroil urushida g‘alaba qozongan Isroil Falastin yerlarini o‘zlashtirishni Quddusdan boshlaydi.
Avvaliga BMT rezolyutsiyasiga zid ravishda bu shaharning g‘arbiy qismini bosib oladi. 1967-yilda bo‘lib o‘tgan Arab—Isroil urushidan so‘ng Isroil Quddusni to‘liq egallaydi. 1980-yilda Isroil Quddusni o‘z poytaxti deb e’lon qiladi. 1995-yilga kelib Isroilning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan AQSH Kongressi mamlakatning Isroildagi elchixonasini Tel-Aviv shahridan Quddusga ko‘chirish haqida qaror qabul qiladi.
Bu ish BMT rezolyutsiyasiga zid bo‘lgani uchun xalqaro miqyosda tanqid qilinadi. Shu sababli o‘sha paytda AQSH prezidenti bo‘lib turgan Bill Klinton, undan keyin Amerikani boshqargan Kichik Jorj Bush va Barak Obama Yaqin Sharqda notinchlik kuchayishini e’tiborga olib, elchixonani Quddusga ko‘chirishmaydi. Biroq hokimiyat tepasiga Tramp kelgach vaziyat o‘zgaradi.
O‘zining chiqishlarida Isroil tomonida ekanini bot-bot ta’kidlagan, mustaqil Falastin davlatini yo‘q qilish maqsadida “Asr kelishuvi” loyihasini taklif etgan Tramp 2017-yil 6-dekabr kuni Quddusni Isroil poytaxti deb tan olishini e’lon qiladi.
Tramp va uning ma’muriyati bu bilan to‘xtab qolmaydi. 2017-yil 18-dekabr kuni BMT xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 14 tasi Quddusning statusi o‘zgarishiga va uning Isroil poytaxti bo‘lishiga qarshi ovoz beradi. Biroq AQSH bu rezolyutsiyaga veto qo‘yadi.
Keyin esa Amerika elchixonani Tel-Avivdan Quddusga ko‘chiradi va 2018-yil 14-may kuni uning ochilish marosimini o‘tkazadi.
O‘shandan buyon bir qancha davlatlar o‘zining Isroildagi elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirdi. Agar ro‘yxatga e’tibor berilsa, ularning aksariyati Falastin mustaqilligini tan olmagan g‘arb davlatlari ekanini ko‘rish mumkin.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarning aksariyati Trampning birinchi prezidentligi davrida sodir bo‘lgandi. U 2024-yil kuzda o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozondi va 2025-yil 20-yanvardan AQSH prezidentiga aylandi. Shundan so‘ng u yana Isroilni qo‘llab-quvvatlashni boshladi.
Jumladan, Isroilning HAMAS harakatiga qarshi harbiy harakatlar bahonasida G‘azo sektorini butunlay vayron qilib, bir necha o‘n minglab odamlarni qirib yuborishda, shuningdek, Isroilning Eron va Livanga nisbatan tajovuzlarida AQSH harbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Bundan tashqari “AntiFalastin” siyosatini yurgizayotgan Tramp arab davlatini o‘z safiga qo‘shib olgan YUNESKOni tark etmoqchi.
So‘nggi so‘z o‘rnida. Dunyodagi ko‘plab siyosatchilar, ekspertlar Falastin BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lmas ekan, Isroil—Arab mojarolari to‘xtamasligini aytmoqda. Biroq AQSH yahudiy davlatiga qurol yetkazib berib, uning tarafini olaverar ekan, Falastinning BMTga a’zo bo‘lishi oson kechmaydi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Izoh (0)