AQSH prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani anneksiya qilishda harbiy kuch ishlatish bilan yana tahdid qildi. Prezident buni NBC News’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Resurslarga boy orol ustidan nazoratni qo‘lga kiritish AQSHga milliy xavfsizlik maqsadlarida zarurligi ta’kidlandi.
Men buni qilaman deb aniq aytmayapman, lekin hech narsani istisno qilmayman. Bizga Grenlandiya juda zarur. U yerdagi juda oz sonli insonlarga o‘zimiz g‘amxo‘rlik qilamiz. Bu hudud bizga xalqaro xavfsizlik uchun muhim, dedi Tramp NBC News’ning yakshanba kuni efirga uzatilgan intervyusida.
Tramp Grenlandiyani savdo, kuch yoki iqtisodiy majburlash yo‘li orqali qo‘lga kiritishini bir necha bor bildirgan. Ammo NATO ittifoqchisi Daniya va Grenlandiya bu g‘oyani qat’iyan rad etgan.
Ekspertlar fikricha, orolda qiziqish uyg‘otuvchi bir nechta omillar mavjud: Grenlandiya AQSH va Yevropa o‘rtasida joylashgan o‘ziga xos geosiyosiy pozitsiyani egallaydi. Bu Rossiya tomonidan ehtimoliy hujumni qaytarishga yordam beradi. U, shuningdek, asosiy yuk tashish yo‘li bo‘ylab joylashgan va strategik dengiz mintaqasi bo‘lgan Grenlandiya-Islandiya-Buyuk Britaniya bo‘shlig‘ining bir qismi hisoblanadi.
Ammo ekspertlar Tramp Grenlandiyaning boshqa jihatlarini, masalan, tabiiy resurslar zaxirasini ko‘zlayotganini taxmin qilmoqda. Ushbu resurslar qatorida neft va gaz, elektromobillar, shamol dvigatellari va harbiy texnikalar uchun muhim bo‘lgan nodir metallar bor.
AQSH, Rossiya va Xitoy hukumatlari Grenlandiya hududida hukmronlik uchun da’vogarlar qatorida turadi.
Tramp Grenlandiyani AQSHga qo‘shib olishini aytdi. Aniq qilib aytaman: Qo‘shma Shtatlar bunday qila olmaydi. Grenlandiya faqat bizga tegishli. Kelajagimizni biz o‘zimiz hal qilamiz, deb oydinlik kiritgan edi orol bosh vaziri Yyens-Frederik Nilsen mart oyida.
Grenlandiya Tramp istayotgan yagona hudud emas. U bir necha bor Kanadani anneksiya qilish va uni AQSHning “51-shtati‘ga aylantirish haqida so‘z yuritgan. Bu esa ikki azaliy ittifoqchi o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazgan.
Izoh (0)