AQSHning Grenlandiyani sotib olish bo‘yicha dastlabki taklifi taxminan 2,2 milliard dollarni tashkil etishi mumkin. Bu haqda Newsweek jurnali o‘z hisob-kitoblariga asoslanib xabar bermoqda.

Nashr AQSHning 33-prezidenti Garri Trumenning 1946-yilda orolni 100 million dollarga sotib olish taklifini asos qilib oldi va bugungi kunda inflyatsiyani hisobga olgan holda bu summa 1,6 milliard dollarga teng bo‘lishini aniqladi. Jurnal bu mablag‘ga Daniya har yili orolga ajratadigan 600 million dollarni qo‘shdi va shunday qilib, AQSHning Grenlandiyani sotib olish bo‘yicha potensial taklifining umumiy miqdori 2,2 milliard dollarni tashkil etdi. Keyinchalik esa har yillik ajratmalar bilan to‘ldirilishi ko‘zda tutilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp ilgari Grenlandiya uning mamlakatiga qo‘shilishi kerakligini bir necha bor aytgan edi. U agar Daniya oroldan voz kechmasa, unga qarshi yuqori savdo bojlarini joriy qilish bilan tahdid qildi. Tramp birinchi prezidentlik muddatidayoq Grenlandiyani sotib olishni taklif qilgandi. Daniya va Grenlandiya hukumatlari bu g‘oyani qat’iyan rad etib kelmoqda.
Grenlandiya avtonom hudud sifatida Daniya tarkibiga kiradi. 1951-yilda Vashington va Kopengagen NATO bo‘yicha ittifoqchilik majburiyatlariga qo‘shimcha ravishda Grenlandiyani himoya qilish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Unga ko‘ra, AQSH orolni tashqi tajovuzdan himoya qilish majburiyatini oldi. Orolda Amerikaning Pituffik kosmik bazasi joylashgan bo‘lib, u raketa hujumidan ogohlantirish va Arktika hududini nazorat qilish tizimi vazifalarini bajaradi.
Izoh (0)