Daryo

Toshkent tirbandlik darajasi bo‘yicha dunyoda nechanchi o‘rinda?

Statistik portal dunyodagi eng tirband shaharlar reytingini e’lon qildi. Markaziy Osiyoning 3 shahri ushbu reytingdan o‘rin oldi

2 daqiqa o‘qish19 840 ko‘rishlar0 izoh1

Toshkent shahri dunyodagi eng tirband shaharlar reytingida 195-o‘rinni egalladi. Bu haqda Numbeo sayti e’lon qilgan 2025-yilning dastlabki hisobotida ma’lum qilindi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Unga ko‘ra, O‘zbekiston poytaxti 127 trafik indeks ko‘rsatkichini qayd etgan. Bu indeks quyidagi omillarni o‘z ichiga oladi: qatnov vaqti, tirbandlikda o‘tkazilgan vaqt uchun norozilik kayfiyati, havoga chiqariladigan chiqindi gazlar va transport tizimidagi samarasizlik.

Tirbandlik indeksi bo‘yicha Toshkent va boshqa shaharlar indeksi
Foto: Numbeo sayti

Portal ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkentda bir manzildan ikkinchi manzilga yetib borish uchun o‘rtacha 35,4 daqiqa vaqt sarflanadi.

Tirbandliklardan norozilik darajasi bo‘yicha poytaxtga 610,4 ko‘rsatkich berilgan. Bunda manzilga yetish vaqti 25 daqiqadan oshgan har bir daqiqa uchun ko‘rsatkich ballari qo‘shilgan. Bu borada bosh shahar dunyodagi 142-o‘rindagi shahar sifatida baholangan.

Tirbandlik indeksini baholashda shahar transport tizimidagi muammolar mavjudligi va havoga chiqarilayotgan chiqindilar miqdori ham inobatga olingan. Toshkent jamoat transportida muammolar mavjudligi qayd etilgan va shahar bu borada (182,4 ball) dunyoda 133-o‘rinda.

Toshkentda tirbandliklar oqibatida havo zaharlanishi indeksi dunyo shaharlariga nisbatan ancha past — 260-o‘rin. O‘zbekiston poytaxti 2856 ball bilan bu borada Qozog‘istonning Olmaota, Ostona, Turkiyaning Istanbul, Anqara shaharlaridan yaxshiroq natija qayd etgan.

Tirband shaharlar bo‘yicha reytingdan Markaziy Osiyodan Qozog‘istonning ikki shahri Olmaota va Ostona ham o‘rin olgan.

Dunyodagi eng tirband shaharlar reytingi
Foto: Numbeo

Olmaota shahrida tirbandlik indeksi boshqa shaharlarga nisbatan ancha baland — 110 o‘rin. Ostona shahri 217-o‘rinda qayd etilgan. 

Ushbu reytingga Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Afg‘oniston shaharlari kiritilmagan.

Numbeo hisob-kitoblariga ko‘ra, Lagos (Nigeriya), San Xose (Kosta Rika) va Los Anjeles (AQSH) dunyodagi eng tirbandlik darajasi yuqori shaharlar sifatida qayd etilgan. 

Numbeo — bu dunyodagi eng yirik ma’lumotlar ba’zasiga asoslangan hayot sifati, yashash xarajatlari, xavfsizlik, sog‘liqni saqlash, ifloslanish va boshqa ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha statistik ma’lumotlarni taqdim etadigan veb-platformalardan biri hisoblanadi.

Erkinjon G‘aybullayev

bosh muharrir o‘rinbosari

Erkinjon G‘aybullayev

Erkin G‘aybullayev 1992-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy. Samarqand davlat chet tillar institutini tugatgan. Magistraturani Janubiy Koreyadagi Namseul universitetida o‘qigan. Ingliz, rus tillarini mukammal biladi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar