Samsung kompaniyasi o‘zining uchga buklanadigan innovatsion smartfoni Galaxy Z Fold 7 va nihoyatda ingichka bo‘lgan Z Flip 7 gadjetlarini 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Galaxy Unpacked tadbirida taqdim etadi. Boshqa modellardan farqli o‘laroq, qurilmalar yozda emas, balki faqat oktyabr oyida sotuvga chiqariladi.

Ikki qismidan buklanadigan, shartli ravishda Galaxy G Fold deb atalayotgan smartfon haqida mish-mishlar anchadan beri tarqalgan bo‘lsa-da, u haqidagi rasmiy ma’lumotlar hanuzgacha juda kam. Qurilma atigi 25 vatt quvvatda zaryad olishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu ko‘rsatkich Huawei Mate XT (66 vatt) bilan solishtirganda ham, Samsung’ning o‘rta toifadagi ayrim modellari bilan taqqoslaganda ham ancha past hisoblanadi.
Digital Chat Station insayderining xabar berishicha, qurilmaning ekrani to‘liq ochilgan holatda 9,96 dyuymni tashkil qiladi, bu xitoylik analogning 10,2 dyuymli displeyidan biroz kichikroq. Shuningdek, ichki tomonga ikki yo‘nalishda buklanadigan konstruksiya mavjud bo‘lib, u yopiq holatda ekran matritsasini qo‘shimcha himoya qiladi.

Qurilmaning tuzilishiga qaraganda, u S Pen stilusini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. (Stilus — bu telefon yoki planshet ekranida yozish, chizish va fayllarni boshqarish uchun mo‘ljallangan maxsus elektron ruchka). Ba’zi patentlarda stilus uchun alohida joy ajratilgani ko‘rsatilgan. Bu esa qurilmani telefon va planshet funksiyalarini birlashtirgan ko‘p funksiyali gadjetga aylantiradi.
Samsung odatda o‘zining buklanadigan qurilmalarini butun dunyo bozoriga taqdim etadi, ammo bu safar Galaxy G Fold dastlab faqat Xitoy va Janubiy Koreyada sotuvga chiqarilishi mumkinligi aytilmoqda. Mutaxassislar qurilmaning narxi 3000–3500 AQSH dollari atrofida bo‘lishini taxmin qilmoqda.
Ayni paytda Samsung Galaxy Z Fold 7 modelini faol tarzda reklama qila boshlagan. Forbes nashrining yozishicha, kompaniya foydalanuvchilarga YouTube blogeri Parker Bertonning fikrlarini o‘z ichiga olgan xat yuborgan. Ushbu bloger allaqachon qurilmani sinovdan o‘tkazgan va unga quyidagicha ta’rif bergan:
“Mazkur smartfon nihoyatda yupqa. Uni buklaganingizda qo‘lda xuddi oddiy telefon kabi tuyuladi”, dedi u.
Izoh (0)