Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myong Pxenyan bilan muloqotni qayta boshlash tarafdori, biroq hozirda buning imkoniyati cheklanganini tan olmoqda. Bu haqda Yonhap xabar bermoqda.
“Biz Shimoliy Koreya bilan munosabatlarni AQSH bilan aniq muvofiqlashtirgan holda yaxshilashimiz lozim”, dedi Li Je Myong.
Uning fikricha, “muloqotni butunlay to‘xtatish nodonlikdir”.
Shuningdek, Koreya Respublikasi prezidenti Shimol bilan muloqotni qayta yo‘lga qo‘yishda muammolar mavjudligini e’tirof etgan. Biroq u Seulning yaqinda KXDR bilan chegarada targ‘ibot eshittirishlarini to‘xtatgani munosabatlarni tiklashga yordam berishi mumkinligiga umid bildirgan.
“Biz Shimoliy Koreyaga radiokarnaylar orqali eshittirishni to‘xtatishga qaror qilganimizda, ularning qanchalik tez va qanday munosabat bildirishidan xavotirda edim. Ammo Shimoliy Koreyaning javobi juda tez bo‘ldi va kutilganidan ham oshib tushdi”, dedi prezident.
“Biz Koreyalararo muloqotni qayta tiklaymiz hamda muloqot va hamkorlik orqali Koreya yarim orolida tinchlik va hamjihatlikka yo‘l ochamiz”, deya qo‘shimcha qildi u.
Pxenyan 12-iyun kuni ikki davlat chegarasi yaqinida janubga qaratilgan radiokarnaylar orqali targ‘ibot uzatishni to‘xtatdi. Bundan oldin Seul ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash uchun xuddi shunday qadam tashlagan edi.
3-iyun kuni Janubiy Koreyada muddatidan oldin prezident saylovi o‘tkazildi. Unda Birlashgan demokratik partiyadan nomzod Li Je Myong g‘alaba qozondi.
Iyun oyi boshida Janubiy Koreyaning yangi prezidenti Li Je Myong aloqa kanallarini ochish va Shimol bilan Koreya yarimorolida mustahkam tinchlik o‘rnatish uchun muloqot hamda hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u o‘z hukumati Shimoliy Koreyaning ehtimoliy tahdidiga qarshi Janubiy Koreya, AQSH va Yaponiyaning mustahkam harbiy ittifoqiga asoslangan “kuchli tiyib turish” yordamida kurashishini ta’kidlagandi.
Izoh (0)