AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati federal byudjetdan qo‘shimcha ta’lim dasturlari uchun 6 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratishni to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda ta’lim vazirligining tushuntirish xatiga asoslanib ABC News telekanali xabar berdi.

“Vazirlik 1-iyulgacha ushbu dasturlariga mablag‘ ajratishni majburiy qiladigan grant taqsimoti haqidagi xabarnomani chiqarmaydi. Vazirlik hamon soliq to‘lovchilar mablag‘larining prezident ustuvorliklariga muvofiq sarflanishini ta’minlashga intilmoqda”, deyiladi hujjatda.
Ta’kidlanishicha, qisqartirishlar maktabdan tashqari mashg‘ulotlar, o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ingliz tilini o‘rganish dasturlariga ham ta’sir qiladi.
AQSH Kongressi Vakillar palatasining ta’lim va mehnat masalalari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Bobbi Skott (Virjiniya shtatidan demokrat) bu qarorni “o‘quvchilar, o‘qituvchilar va maktablarga zarar yetkazadigan” federal qonunchilikni buzish deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘ yetishmovchiligini boshdan kechirayotgan ta’lim muassasalari “xodimlarni ishdan bo‘shatishga yoki dasturlar va xizmatlarni qisqartirishga majbur bo‘ladi”.
Telekanalning yana bir manbasining ta’kidlashicha, shtatlar bosh prokurorlari AQSH ma’muriyatini moliyalashtirishni qisqartirish qarori uchun sudga bermoqchi.
1979-yilda AQSH Kongressi tomonidan ta’sis etilgan Ta’lim vazirligi federal byudjetdan davlat maktablarini moliyalashtirishni nazorat qiladi va o‘qish uchun kreditlar berish masalalari bilan shug‘ullanadi, shuningdek, oliy o‘quv yurtlarining kam ta’minlangan talabalariga yordam dasturlarini amalga oshiradi. Tramp va respublikachilar idorani “yoshlar orasida irqiy, jinsiy va siyosiy xarakterdagi nomaqbul materiallarni targ‘ib qilishda” ayblagan. Ilgari o‘z xodimlarining yarmini qisqartirmoqchi bo‘lgan Ta’lim vazirligi faoliyatini butunlay to‘xtatish uchun Kongress tomonidan tegishli qonun loyihasining ma’qullanishi talab etiladi.
Tramp 20-mart kuni Amerika Ta’lim vazirligini tashkil etilganidan 45 yildan ortiq vaqt o‘tgach, uni tarqatib yuborish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.
May oyida Massachusets federal okrug sudi AQSH prezidenti Donald Trampning Ta’lim vazirligini tarqatib yuborish to‘g‘risidagi farmonini to‘xtatib qo‘ydi va ommaviy qisqartirishlar doirasida ishdan bo‘shatilgan xodimlarni qayta tiklashni buyurdi.
Izoh (0)