So‘nggi yillarda yurak-qon tomir kasalliklari insonlarning erta vafot etishiga asosiy sabab bo‘lmoqda: butun dunyo bo‘yicha har yili millionlab odamlar yurak xuruji va insult oqibatida hayotdan ko‘z yumadi.

Ko‘pincha insult va yurak xurujiga olib keladigan holat bu ateroskleroz hisoblanadi. Ateroskleroz — bu qon tomirlarining ichki devorlarida xolesterin quyqalarining hosil bo‘lishi bo‘lib, ular qon aylanishida to‘siq hosil qiladi va natijada a’zolar va to‘qimalarning kislorod hamda ozuqa moddalar bilan ta’minlanishi yomonlashadi. Bunday quyqalar vaqt o‘tishi bilan qon tomirlarining ichki bo‘shlig‘ini toraytirib, hayot uchun muhim organlarga qon yetib borishini butunlay to‘xtatib qo‘yishi mumkin.
Ushbu quyqalar “yomon” xolesterin deb ataluvchi past zichlikdagi lipoproteinlardan (LPNP) iborat. Shuningdek, qonda “yaxshi” xolesterin — yuqori zichlikdagi lipoproteinlar (LPYP) ham mavjud bo‘lib, ular ortiqcha xolesterinni qon tomirlaridan chiqarib, ularni qayta ishlash uchun jigarga olib boradi.
Agar ushbu ikki turdagi xolesterin o‘rtasidagi muvozanat buzilsa, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi keskin oshadi.
Kasallik yuzaga kelish xavfi va alohida e’tibor talab qilinadigan holatlar

Xolesterin darajasi yosh oshgan sayin ortishi va hatto pensiya yoshiga yetmasdan ham ko‘payishi mumkin.
So‘nggi yillarda shifokorlar ko‘plab insonlarda giperxolesterinemiya (xolesterin miqdorining ortib ketishi)ni kuzatmoqda. Bu kasallik tobora yoshlar, o‘smirlar, hattoki maktabgacha yoshdagi bolalarda ham aniqlanmoqda.
Asosiy xavf omillari:
Irsiy moyillik;
Noto‘g‘ri ovqatlanish: transyog‘lar va oddiy uglevodlarning ortiqcha iste’moli;
Harakatsiz turmush tarzi;
Chekish va spirtli ichimliklar iste’moli;
Surunkali stress;
Qo‘shimcha kasalliklar (qandli diabet, yuqori qon bosimi, semizlik).
Kasallik belgilarining ayon bo‘lmaslik xavfi
Xolesterin miqdorining yuqoriligi yana bir xavf — uning yashirin, ya’ni simptomlarsiz kechishini keltirib chiqaradi. Ko‘plab kasalliklardan farqli ravishda, giperxolesterinemiya yillar davomida hech qanday belgilarsiz o‘tishi mumkin.
Shuning uchun insonlarda sog‘lig‘i joyida degan yolg‘on taassurot shakllanadi: ko‘pchilik o‘zida xolesterin muammosi borligini bilmaydi va faqat yurak xuruji yoki insult ro‘y berganidan keyingina bu haqda xabardor bo‘ladi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, yurak xuruji bilan shifoxonaga tushgan bemorlarning qariyb 50 foizi yurak bilan bog‘liq muammo borligini ilgari bilmagan.
Tashxis qo‘yish va davolash

Zamonaviy tibbiyot quyidagilarni tavsiya qiladi:
20 yoshdan boshlab — xolesterin darajasini har 4–6 yilda bir marta tekshirtirish
40 yoshdan so‘ng — har yili lipid profilini nazorat qilish
Xavf omillari mavjud bo‘lsa — shifokor tavsiyasiga ko‘ra yanada ko‘proq tekshirib turish
To‘liq lipid almashinuvi tahliliga quyidagilar kiradi:
Umumiy xolesterin
LPNP (yomon xolesterin)
LPYP (yaxshi xolesterin)
Triglitseridlar
Aterogenlik indeksi
Agar tahlil natijasida biror xavf aniqlansa, shifokor quyidagilarni tavsiya qilishi mumkin:
Ovqatlanish tartibini to‘g‘rilash (masalan, O‘rta yer dengizi parhezi, o‘simlik yog‘larining ulushini oshirish);
Jismoniy faollik;
Zararli odatlarni tark etish;
Dori vositalari bilan davolash.
Shuni unutmaslik kerak: bugungi dorilar xolesterin darajasini samarali kamaytirish funksiyasiga ega va ko‘pchilik bemorlar tomonidan yaxshi o‘zlashtiriladi. Ularni o‘z vaqtida qabul qilish yurak-qon tomir kasalliklarining 80 foizigacha oldini olish imkonini beradi.
Kasallikni oldini olish — salomatlik asosi
Aterosklerozning oldini olish mumkin, buning uchun oddiy, ammo samarali vositalarni hayot tarziga aylantirish kerak:
Doimiy jismoniy faollik;
Vaznni nazorat qilish;
Transyog‘lar (kundalik kaloriya miqdorining 1% dan ko‘p emas), to‘yinmagan yog‘lar (10% dan kam) va tuz (kuniga 5 g gacha) iste’molini cheklash;
Omega-3 yog‘ kislotalari, o‘simlik tolalarga boy mahsulotlar va antioksidantlarga ega oziq-ovqat iste’molini ko‘paytirish;
Qon bosimini nazorat qilish;
Chekishdan voz kechish;
Stressni boshqarishni o‘rganish.
Izoh (0)