Yevropa Ittifoqi Rossiyaning ehtimoliy hujumidan himoyalanish uchun ulkan dronlar qo‘shinini yaratishi zarur. Bu haqda mudofaa va kosmik masalalar bo‘yicha Yevropa komissari Andryus Kubilyus ma’lum qildi.

U prezident Vladimir Putin NATO davlatlaridan biriga hujum qilishga buyruq bersa, Yevropa davlatlari “janglardan toblangan” millionlab dronlardan foydalanishga qodir Rossiya armiyasiga duch kelishini aytdi.
Rossiya dronlar ishlab chiqarishni yiliga 5 millionga yetkazishi mumkin, u bilan bo‘ladigan qarama-qarshilikda g‘alaba qozonish uchun biz bundan ham kattaroq quvvatga ega bo‘lishimiz kerak, dedi Kubilyus.
Yevropa komissari Ukrainadagi front chizig‘ida bo‘lgani, front bo‘ylab “o‘lim vodiysi” deb nomlanuvchi zona shakllanganini aytdi.
U yerda hech narsa harakatlana olmaydi. Hammasi dronlar nazorati ostida. Oddiy tank bu hududda atigi olti daqiqa “yashaydi”, deya izoh berdi Kubilyus.
Shuningdek, u ko‘p miqdordagi dronlarni ishlab chiqarib, ularni omborlarda saqlashdan ma’no yo‘qligi ta’kidladi. Chunki jang sharoitida dronlarni yangilab, vaziyatga moslashtirish kerakligini aytdi.
Uning fikricha, Yevropa uchuvchilar, muhandislar va ishlab chiqaruvchilardan iborat jamoalarni tuzishi lozim. Ular kerak bo‘lganda ishlab chiqarishni ko‘paytirishga tayyor turishi kerak.
Ammo hozircha NATO davlatlari ulardan biriga ko‘plab dronlar yordamida hujum qilinishiga mutlaqo tayyor emas, dedi Ukraina uchun dronlar ishlab chiqayotgan Germaniyaning Alpine Eagle startapi bosh direktori Yan-Xendrik Byolens.
Havo hujumidan mudofaani besh barobar kuchaytirish va dronlarga ko‘proq mablag‘ sarflash kerak, dedi NATO sammitida alyans bosh kotibi Mark Ryutte.
25-iyun kuni NATO davlatlari rahbarlari mudofaa va u bilan bog‘liq tadbirlarga xarajatlarni 2035-yilga kelib yalpi ichki mahsulotning yiliga 5 foizigacha oshirishga kelishib oldi.
Izoh (0)