Fitch xalqaro reyting agentligi tomonidan 26-iyun kuni O‘zbekiston suveren kredit reytingiga bag‘ishlangan navbatdagi hisobot eʼlon qilindi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston suveren kredit reytingi bahosi 2018-yildan beri ilk bora “BB-”dan bir pog‘ona yuqoriga, “BB” darajasiga oshirildi va reyting kutilmasi barqaror darajada tasdiqlandi. S&P reyting agentligi 23-may kuni va Moody’s reyting agentligi 13-iyun kuni O‘zbekiston suveren kredit reytingi bahosi kutilmasini “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirgan edi.
Natijada suveren xalqaro obligatsiyalarning ikkilamchi bozordagi foiz stavkalari o‘rtacha 0,5 foizga pasaydi hamda davlat korxonalari (NKMK, O‘zbekneftegaz, O‘zagrosug‘urta, O‘zbekinvest) va banklari (Milliybank, Asakabank, Agrobank, Mikrokreditbank) kredit reytinglari kutilmalari ham “ijobiy”ga oshirildi.
Fitch tahlilchilari 27-29-may kunlari Toshkentga tashrifi davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Adliya vazirligi, Milliy statistika qo‘mitasi va boshqa idoralar vakillari, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining vakillari bilan respublikadagi makroiqtisodiy holat va amalga oshirilayotgan islohotlarni batafsil muhokama qildi.
Fitch hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston suveren kredit reytingining “BB” darajasigacha oshirilishi respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning jadallashuvi va o‘rta muddatli istiqbolda barqaror iqtisodiy o‘sish tufayli makroiqtisodiy xatarlarning jilovlanishi va tarkibiy ko‘rsatkichlarning yaxshilanib borishi yuzasidan kutilmalarni aks ettiradi.
Jumladan, energetika tariflarini liberallashtirilishi natijasida 2024-yilda byudjet taqchilligining 3,3 foizgacha pasayishi hamda energetika sohasiga subsidiyalarning kamayishi alohida eʼtirof etilgan. Fitch tomonidan 2025–2026-yillarda byudjet taqchilligi 3 foizdan oshmasligi hamda byudjet daromadlarining oshishi qo‘shimcha fiskal bufer yaratishi qayd etilgan.
Agentlik tomonidan davlat korxonalarini isloh qilish jadallashgani, jumladan davlat korxonalari soni qisqargani, 18 ta korxonalardagi davlat ulushi Milliy investitsiya jamg‘armasiga o‘tkazilgani hamda korxonalar boshqaruvi va mustaqilligini oshirish choralariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Fitch tomonidan davlat qarzi (davlat kafolatlari inobatga olinmagan) hajmi 2025–2026-yillarda yalpi ichki mahsulotga (YIM) nisbatan 32 foiz atrofida saqlanishi prognoz qilingan. Davlat qarzining 89 foizi xorijiy valyutada bo‘lsa-da, davlat tashqi qarzi asosan imtiyozli shartlarda jalb qilingan kreditlardan iboratligi ijobiy baholangan.
Agentlik O‘zbekistonda 2025–2026-yillarda iqtisodiy o‘sishni o‘rtacha 6,3 foiz darajasida prognoz qilmoqda. Shuningdek, 2025-yilning birinchi choragida iqtisodiy o‘sish 6,8 foizni tashkil etgani qayd etilgan.
Hisobotda respublikaning xalqaro zaxiralari hajmi oltin narxining oshishi tufayli 2024-yil yakunidagi 41 mlrd dollardan 2025-yil 1-iyun holatiga 49,7 mlrd dollargacha oshgani va 2025–2026-yillarda joriy operatsiyalar hisobi to‘lovini qoplash darajasi 10 oydan yuqori bo‘lishi kutilayotgani aytilgan.
Shu bilan birga, hisobotda Markaziy bankning inflyatsiya bo‘yicha 5 foizlik marrasiga erishish choralarini ko‘rayotgani qayd etilgan hamda inflyatsiya darajasi 2026-yilda o‘rtacha 7 foizgacha sekinlashishi prognoz qilingan. Fitch tomonidan depozitlarning dollarizatsiya darajasi 2020-yil boshidagi 40 foizdan 2025-yil mart oyida 24,5 foizga pasaygani qayd etilgan. Fitchga ko‘ra, O‘zbekiston suveren kredit reyting bahosi quyidagi hollarda oshiriladi:
- tarkibiy islohotlar jadallashishi natijasida makroiqtisodiy barqarorlik mustahkamlanishi, yuqori iqtisodiy o‘sish saqlanishi hamda fiskal ko‘rsatkichlarga ijobiy taʼsir ko‘rsatishi;
- past byudjet taqchilligi taʼminlanishi natijasida o‘rta muddatda davlat qarzi barqaror darajada saqlanishi;
- boshqaruv sifati sezilarli va barqaror ravishda yaxshilanishi.
O‘zbekistonning suveren kredit reytingi quyidagi hollarda pasaytirilishi mumkin:
- xom-ashyo tovarlari narxlarining doimiy pasayishi sababli tashqi savdo taqchilligining oshishi yoki pul o‘tkazmalarining kamayishi kabi omillar tufayli xalqaro zaxiralar sezilarli darajada kamayishi;
- past iqtisodiy o‘sish, byudjet taqchilligining oshishi, valyuta kursining keskin qadrsizlanishi yoki davlat shartli majburiyatlarining davlat tomonidan qoplanishi tufayli davlat qarzining keskin oshishi yoki fiskal buferlar kamayishi.
Moody’s xalqaro reyting agentligi tomonidan 13-iyun kuni O‘zbekiston suveren kredit reytingiga bag‘ishlangan navbatdagi hisobot e‘lon qilindi. Unga ko‘ra, respublikaning kredit reyting bahosi “Ba3” (“BB-”) darajasida tasdiqlanib, reyting kutilmasi “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirildi.
Moody’s tomonidan 2025-yilning boshidan beri 11 ta mamlakatning suveren kredit reytingi bahosi yoki kutilmasi pasaytirilgan hamda 12 ta mamlakatniki oshirilgan. Hisobotda O‘zbekiston suveren kredit reytingi kutilmasining “ijobiy”ga oshirilishi amalga oshirilayotgan institutsional islohotlar orqali iqtisodiy siyosat samaradorligi va institutlar sifati yaxshilanishi bilan bog‘liq ekanligi ta’kidlangan.
S&P Global Ratings xalqaro agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini “barqaror” darajadan “ijobiy” darajaga yaxshilagandi.
Jahon banki “Global iqtisodiy istiqbollar” hisobotini eʼlon qilgan edi. Hisobotda Yevropa va Markaziy Osiyo uchun tendensiyalar, prognozlar va xavflar tahlil qilinadi.
Prognozlarga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 2024-yil oxirida 6 foizni tashkil etdi.
Kelgusi yillar uchun prognoz
Jahon banki prognozida maʼlum qilinishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yili 5,8 foiz, 2026-yili esa 5,9 foiz o‘sadi. Taʼkidlash lozim, bu — Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
2024-yilning oktyabr oyida ham O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025 va 2026-yillarda mos ravishda 5,8-5,9 foiz o‘sishi haqida maʼlum qilingandi.
Izoh (0)