Bugungi kunda ko‘plab aktyorlar shunchaki rollarga qanoat qilmayapti — ular o‘z ijodiy yo‘lini o‘zlari boshqarishga qaror qilgan. Quyida aktyorlikdan tashqari prodyuserlik va rejissyorlik kasbini ham puxta egallagan Gollivud yulduzlari haqida ma’lumot beramiz.
Bred Pitt

Bred Pitt asos solgan Plan B Entertainment studiyasi dastlab Jennifer Eniston va Bred Grey bilan birga yaratilgan. 2005-yilda Pitt va Eniston ajrashdi, Grey boshqa studiyaga o‘tdi va Pitt kompaniyani yolg‘iz boshqara boshladi.
Ko‘plab aktyorlardan farqli o‘laroq, Pitt prodyuserlik faoliyatida faqat o‘zi rol ijro etadigan filmlargagina e’tibor qaratmadi. Aksincha, 25 yillik faoliyati davomida studiya turli janrdagi filmlar ustida ishladi. Jumladan, “Jahon urushi Z” va “Oy nuri” filmlari tanqidchilar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Kompaniya hozirga qadar 48 ta badiiy film va 12 ta teleserial suratga olgan. Bularning barchasiga qaramay, Pitt aktyorlikni ham davom ettirib kelmoqda. Bredning ikkita “Oskar” mukofoti bor — ulardan biri aynan prodyuserlik ishi uchun berilgan.
Emma Stoun

Emma Stoun 35 yoshigacha ikki karra “Oskar” sovrindori bo‘lgan. U yirik byudjetli hamda mualliflik filmlarida Yorgos Lantimos va Alehandro Gonsales Inyárritu bilan ishlashga ulgurgan.
2020-yilda Emma turmush o‘rtog‘i Deyv MakKeri bilan birga Fruit Tree kinokompaniyasiga asos soldi. Bu orqali u mustaqil kinoga bo‘lgan ishtiyoqini namoyish etdi. Kompaniya mashhur A24 studiyasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Ikki yildan so‘ng Sundance festivalida Jessi Ayzenberg rejissyorligida debyut qilgan “Dunyoni qutqarishni bas qilsang” filmi namoyish etildi. shuningdek, Fruit Tree kompaniyasi “Men televizorning nurini ko‘rdim” nomli qo‘rqinchli filmiga ham prodyuserlik qilgan.
Adam Sendler

1999-yilda Adam Sendler va Robert Simonds birgalikda Happy Madison Productions studiyasini ochdi. Kompaniya nomi Sendlerning dastlabki muvaffaqiyatli rollari — “Baxtiyor Gilmorr” va “Billi Medison” filmlaridan olingan.
Studiya Kevin Jeyms, Kris Rok va boshqa ko‘plab komik aktyorlar bilan hamkorlik qildi. Ularning eng mashhur filmlaridan “Sinfdoshlar” va “O‘zingni xotinim deb tanishtir” kabilardir.
Garchi tanqidchilar Happy Madison filmlarini yaxshi baholamagan bo‘lsa-da, tomoshabinlar bu kartinalarni iliqlik bilan kutib olgan, bu esa daromadlarga ham ijobiy ta’sir qilgan.
Ben Afflek va Mett Deymon

Ben Afflek va Mett Deymon doim hamkorlikda ishlagan: ular ssenariy yozadi, bir-birlarining filmlarida rol o‘ynaydi, rejissyorlik qiladi. 2022-yilda ular birgalikda Artists Equity studiyasini ham ochgan.
RedBird Capital Partners sarmoya kompaniyasi loyiha uchun 100 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgan. Hamkorlik shartlariga ko‘ra, Afflek faqat Artists Equity uchun film suratga olishi lozim.
Studiyaning ilk loyihasi — “Air: afsona bilan uchrashuv” filmi bo‘ldi. Bu loyiha Maykl Jordanning shaxsiy brendli krossovkalari qanday yaratilgani haqida bo‘lib, ikki marta Oltin globus mukofotiga nomzod bo‘lgan. Biroq film katta daromad olib kelmagan.
Izoh (0)