“Muhtasham yuz yil” seriali dunyoga ko‘plab iste’dodli turk aktyor va aktrisalarini tanitdi, Nihan Buyukaach ham ulardan biri bo‘ldi. Aynan u ekranlarda Gulshoh xotun obrazini — Mohidavronning sodiq xizmatkorini gavdalantirdi. Gulshoh xotun keyinchalik Xurram tarafiga o‘tgan bo‘lsa-da, haram fitnalari tufayli halok bo‘ladi.
Nihan Buyukaach 1981-yil 28-sentyabrda Istanbulda tug‘ilgan. Uning oilasi kambag‘al bo‘lib, onasi og‘ir xasta edi. Bolaligida Nihan juda kamgap va odamovi qiz bo‘lgan. U notanish odamlar bilan muloqot qilishga qiynalardi. Uning yagona quvonchi teatr edi — Buyukaach spektakllarni tomosha qilishni juda yaxshi ko‘rar va o‘zini bosh qahramonlar o‘rnida tasavvur qilardi. U dastlab aktyorlik karyerasi haqida o‘ylamagandi, chunki o‘ziga ortiqcha e’tibor qaratilishidan va kameralardan qo‘rqardi, ammo bu uning teatr haqida orzu qilishiga xalaqit bermagan.
Biroq yuqori sinfga kelganda, Nihan agar hayotini san’at bilan bog‘lamoqchi bo‘lsa, qo‘rquvlarini yengishi kerakligini tushundi. Oilasining og‘ir moddiy ahvoliga qaramay, u Anqara universitetining teatr bo‘limiga o‘qishga kirdi — u yerda bir vaqtning o‘zida tarix va geografiyani ham o‘rgandi. O‘qish paytida Nihan yotoqqa mixlanib qolgan onasiga g‘amxo‘rlik qildi, biroq bitiruv imtihonlari arafasida onasi vafot etdi, ko‘p o‘tmay otasi ham olamdan o‘tdi. Barcha qiyinchiliklarga qaramay, bo‘lajak aktrisa bitiruv imtihonlarini a’lo baholarga topshirdi va orzu qilgan diplomini qo‘lga kiritdi.
Ijodiy faoliyati
Nihan Buyukaach o‘qishni tugatishi bilanoq davlat teatrida ishlay boshladi, bo‘sh vaqtlarida esa mahalliy rok guruhlaridan birida kuylardi. Yosh san’atkor sahnada o‘zini yaxshi his qilar, uning ijrosi tomoshabinlar tomonidan doimo yuqori baholanardi. Kameradan qo‘rqish o‘tmishda qolganini anglagan Nihan kinematografiyada ham o‘z kuchini sinab ko‘rishga qaror qildi. 2005-yilda u “Beshinchi o‘lcham” filmida kichik rol ijro etdi, keyingi yili esa “Bo‘ron” serialida Tamara rolini o‘ynadi. Bu rol uni kino aktrisasi sifatida tanitdi.
Keyingi besh yil davomida turk seriali yulduzi teatr va kinodagi faoliyatini muvaffaqiyatli tarzda birlashtirdi. U “Maktab sinfi”, “Yuragingdan so‘ra”, “Bo‘linish: Falastin urushda” kabi filmlarda suratga tushdi. 2011-yil aktrisa uchun omadli yil bo‘ldi — u “Muhtasham yuz yil” serialida Gulshoh xotun rolini qo‘lga kiritdi.
Aktrisaning keyingi karyerasi muvaffaqiyatli rivojlandi. U har yili kinoda suratga tushish uchun bir nechta takliflar olardi. Jumladan, Nihan “Yurak ishlari”, “Mafiya dunyoni boshqara olmaydi” “Jasur va go‘zal”, “Tun malikasi”, “Maxfiy”, “Menejerimga qo‘ng‘iroq qiling”, “Oroldagi ertak”, “Oila uchun”, “Seni uzoq kutdim”, “Sevgi ismi” va boshqa seriallarda rol ijro etgan.
Hozirgi kunda turk aktrisasining filmografiyasi 20 dan ortiq rollarni o‘z ichiga oladi. Nihan teatrdagi faoliyatini ham muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. Intervyularidan birida Buyukaach aynan teatrda o‘zini uydagidek qulay his qilishini e’tirof etgan.
Nihan Buyukaach “Muhtasham yuz yil” serialida
Nihan Buyukaach serialda Gulshoh rolini ajoyib tarzda ijro etdi. Tomoshabinlar uning qahramonidan nafratlanishsa-da, aktrisaning mahoratiga tan berishdi.
Gulshoh “Muhtasham yuz yil”ning birinchi qismidayoq paydo bo‘ladi. U shunchaki Mohidavronning xizmatkori emas, balki uning ishonchli va sirdosh kishisidir. Shaxsiy hayoti bo‘lmagan Gulshoh o‘z bekasining taqdiriga butunlay berilib ketadi. U bekasining dardiga sherik bo‘lib, uni bor kuchi bilan himoya qilishga intilardi, biroq ko‘pincha uning xatti-harakatlari jirkanch tuyulardi. Ammo vafo va sadoqat qiyin vaziyatda xotunga yordam bermadi. Fotimaning paydo bo‘lishi Mohidavron va Gulshoh o‘rtasidagi katta janjalning asosiy sababchisiga aylanadi. Ayol Ibrohim poshoning siri tufayli hayoti qil ustida turganini anglagach, Xurramga bo‘ysunishga qaror qiladi va unga sodiq qolishga ont ichadi. Biroq Xurram sobiq dushmaniga ishonmasdi.
Xurram bir muddat Gulshohdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib, aynan u orqali Nigor va Ibrohimning sevgi munosabatlari haqida xabar topadi. Ayol chindan ham Xurramga sadoqat bilan xizmat qilishga intiladi, biroq bu uni halokatdan saqlab qololmaydi. Gulshohning hayoti fojiali tarzda yakunlanadi — u Xatichani o‘ldirmoqchi bo‘lgan paytda Nigorning qo‘lida halok bo‘ladi.
Gulshoh roli Nihonni butun dunyoga mashhur qildi. Ammo “Muhtasham yuz yil” serialining yakunidan bir necha yil o‘tgach, aktrisa o‘z qahramonini hech qachon yoqtirmaganini tan oldi. Buyukaachning aytishicha, u ancha vaqtgacha aktrisani qahramonidan ajrata olmagan muxlislar nafratiga duch kelgan.
Shaxsiy hayoti
Nihan Buyukaach shaxsiy hayotini oshkor qilishni xohlamaydi. Aktrisa uzoq vaqt davomida bolalikdagi ruhiy jarohatlarini davolab, bugungi kun bilan yashashga intilgan. 2013-yil sentyabr oyida turk seriali yulduzi ovoz operatori Murat Shenturk bilan turmush qurdi. To‘rt yildan so‘ng, ularning suyukli qizlari dunyoga keldi va ota-onasi unga Chag‘la deb ism qo‘yishdi.
Afsuski, qizaloq tug‘ilganidan keyin Murat va Nihan orasida sovuqchilik paydo bo‘la boshladi. 2022-yilda ular rasman ajrashdi, biroq ajralish sababini oshkor qilishmadi. Vasiylik huquqi Buyukaachda qoldi. Aktrisaning o‘zi ajrashgani haqida hech qachon izoh bermagan, ammo turk matbuoti Nihan uchun ajrashish juda og‘ir kechganini va u bir necha oy davomida uydan deyarli chiqmaganini yozgan. Faqatgina qizi va do‘stlarining qo‘llab-quvvatlashi tufayli u odatiy hayotiga qayta oldi.
Nihan Buyukaach hozirda
Hozirda turk aktrisasi teatr va kinoda faoliyatini davom ettirmoqda. Barcha bo‘sh vaqtini qizi bilan o‘tkazadi. Buyukaach tadbirlarga kamdan-kam qatnashadi, buning o‘rniga ochiq havoda sayr qilishni ma’qul ko‘radi. U shaxsiy hayotini qattiq himoya qiladi va jurnalistlar bilan deyarli muloqot qilmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Nihanni butun umri davomida kurashib kelayotgan ortiqcha vazni uchun ko‘pincha tanqid qilishadi. Aktrisa sog‘lom ovqatlanishga intiladi va muntazam ravishda pilates bilan shug‘ullanadi, xeyterlarning g‘azabli izohlariga esa e’tibor bermaslikka harakat qiladi. U ertami-kechmi baribir yaxshilik g‘alaba qozonishiga ishonadi va hayotda eng muhimi — o‘z muvaffaqiyatiga ishonch hamda tanlangan kasbga sodiqlik ekanini ta’kidlaydi.
Izoh (0)