Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida davlat rahbari Rossiya yetakchisi va ko‘p millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan davlat bayrami — Rossiya kuni bilan tabrikladi. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakat hududlari darajasidagi faol almashinuvlar va amaliy hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Rossiyada madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinayotgani qayd etildi.
12 iyun Rossiya kuni
Rossiya kuni — Rossiya Federatsiyasining davlat bayrami bo‘lib, har yili 12 iyun kuni nishonlanadi.
Rossiya kuni 1990-yil 12-iyun kuni Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi (RSFSR) tomonidan Davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingan sanaga bag‘ishlangan. Bu hujjat Rossiyaning mustaqillikka tomon ilk huquqiy qadamlaridan biri bo‘lgan.
1992-yildan boshlab bu sana rasmiy ravishda bayram sifatida nishonlana boshlagan. 2002-yildan esa “Rossiya kuni” deb rasmiy nomlangan.
Bayram qanday nishonlanadi?
Rossiya kuni davlat miqyosida keng nishonlanadi:
Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa yirik shaharlarda bayramona tadbirlar, konsertlar, ommaviy yurishlar va salyutlar bo‘lib o‘tadi.
Davlat mukofotlari topshiriladi, faxriy unvonlar beriladi.
Rasmiy marosimlarda Prezident murojaat qiladi.
Ba’zi aholining fikricha, bu sana “Rossiyaning tug‘ilgan kuni” deb ham qabul qilinadi.
Izoh (0)