Tanzaniyaning Muhimbili milliy kasalxonasi shifokorlari noodatiy holatga duch keldi. 44 yoshli erkak ko‘krak qismida o‘z-o‘zidan jarohat paydo bo‘lgani uchun tibbiyot xodimlariga murojaat qildi. U hech qanday og‘riq, yo‘tal yoki isitma kabi belgilarni sezmagan, sog‘lig‘i ham normal bo‘lgan — erkakni faqat yiring bezovta qilgan, deb yozadi The Mirorr nashri.
So‘ng tekshiruv davomida shifokorlar hayratlanarli topilmaga duch kelgan — rentgenda uning ko‘kragiga pichoq sanchilgani aniqlangan.

Mutaxassislar buning sababini tushunolmay turganda bemor bundan 10 yil avval bo‘lib o‘tgan mojaro haqida so‘zlab bergan. O‘sha paytda u bir nechta erkak bilan yoqalashib, ko‘plab tan jarohatlari olgan. Ammo yaralari davolanib, tez orada sog‘ayib ketgan. Faqat so‘nggi bir necha hafta ichida yiring paydo bo‘lib, ko‘paygach, erkak tibbiy tekshiruvdan o‘tishga qaror qilgan.
Rentgen apparati esa uning ko‘krak qafasida katta pichoq tig‘i qotib qolganligini aniqlagan. Tig‘ o‘ng kurakdan kirib, hayot uchun muhim a’zolarga tegmagan, shu sababli erkak o‘zini yaxshi his qilgan.

Pichoq operatsiya orqali olib tashlandi, yiring ham tozalandi. Bemor bir sutka reanimatsiyada va 10 kun oddiy palatada davolandi. So‘ng shifokorlar uning to‘liq sog‘ayganini ma’lum qildi.
Izoh (0)