Kanadalik mashhur reper Dreyk zargar Aleks Moss bilan hamkorlikda o‘zining Some Sexy Songs 4 U nomli albomiga bag‘ishlangan zargarlik buyumlari to‘plamini yaratdi. Ushbu albom 2025-yil 14-fevral kuni raqamli platformalarda taqdim etilgan edi.

Kolleksiyaning asosiy bezagi uchta “S” harfiga ega zanjir bo‘lib, bu harflar Dreyk uchun katta ma’noga ega. Biroq to‘plamdagi eng e’tiborga molik narsa — haqiqiy Nokia telefoni ko‘rinishidagi osma bezak bo‘ldi.

Albatta, bu telefon ishlaydigan qurilma emas. U Aleks Moss tomonidan maxsus yasalgan hashamatli zargarlik buyumi. Bezak faqatgina Dreykning Nokia nomli qo‘shig‘i bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy ekran tasviri bilan bezatilgan. Uning korpusi to‘liq 10 grammli oq olmoslar bilan qoplangan. Bu noodatiy osma zanjirga Dreykning shaxsiy brendi — OVO (October’s Very Own) logotipi tushirilgan qisqich orqali ulanadi.
https://x.com/alexmossny/status/1927391737749606543
Qiziq tomoni shundaki, bu Dreykning ilk “brilliant telefoni” emas. 2019-yilda u mashhur Jason of Beverly Hills zargarlik uyidan o‘z smartfoni uchun 400 ming dollarlik eksklyuziv g‘ilof buyurtma qilgan. Bu aksessuar oq oltindan yasalgan bo‘lib, usti 80 dona moviy va oq olmos bilan bezatilgan.

Ma’lumot o‘rnida: Obriy Dreyk Grem 1986-yil 24-oktyabrda Kanadaning Toronto shahrida tug‘ilgan. U nafaqat reper, balki bastakor, prodyuser va tadbirkor sifatida ham tanilgan. Dastlab aktyorlik faoliyati orqali mashhurlikka erishgan Dreyk, keyinchalik o‘z musiqasi bilan jahon sahnasiga ko‘tarilgan.

2009-yilda u Young Money Entertainment leybliga qo‘shilib, tez orada dunyo miqyosida tanildi. Take Care (2011), Nothing Was the Same (2013), Views (2016) va Certified Lover Boy (2021) kabi albomlari Billboard reytinglarining eng yuqori pog‘onalarida joy oldi. Uning Hotline Bling, God’s Plan, In My Feelings va One Dance kabi hitlari butun dunyo bo‘ylab millionlab tinglovchilarni o‘ziga jalb qildi. Bugungi kunda Dreyk eng ko‘p tinglanadigan va eng nufuzli san’atkorlardan biri hisoblanadi.
Izoh (0)