Ukraina frontning barcha hududlarida o‘t ochishni to‘liq va shartsiz to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni talab qilishni davom ettirmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Zoom orqali muloqot paytida ma’lum qildi.

Zelenskiy Rossiya Federatsiyasi tomonidan jangovar harakatlar hududining ayrim qismlarida 2-3 kunga o‘t ochishni to‘xtatish taklifini sharhlar ekan, Ukraina frontning barcha hududlarida o‘t ochishni to‘liq va shartsiz to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni talab qilishni davom ettirishini bildirgan.
Ukraina rahbarining ta’kidlashicha, o‘t ochishni to‘xtatish masalasida Ukraina o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan va o‘t ochishni so‘zsiz to‘xtatish, asirlarni almashish, bolalar va tinch aholini qaytarishni talab qilmoqda.
Uning aytishicha, rossiyaliklar hozircha o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rmayapti.
“Ular halok bo‘lganlarni jang maydonidan olib ketish uchun ikki-uch kunga o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor. Menimcha, o‘t ochishni to‘xtatish qurbonlar bo‘lmasligi uchun kerak. Ya’ni ularning kayfiyatini ko‘ryapsiz — bu ular uchun urushda qisqa tanaffus masalasi xolos”, deya ta’kidladi u.
Shu munosabat bilan Ukraina prezidenti amerikalik hamkorlar “qat’iy choralar ko‘rib, sanksiyalar paketini Senatga yuborishlarini va “ruslar”ni kuchli sanksiyalar bilan o‘t ochishni to‘xtatishga majbur qilishlarini” juda istayotganini ta’kidladi.
“Ular boshqacha tushunishmayapti hali. Va biz buni adolatli deb hisoblaymiz. Axir AQSH o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish haqida signal berganidan beri beshinchi oy o‘tmoqda va biz ularni qo‘llab-quvvatladik”, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti 2-iyun kuni Istanbulda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar davomida kelishilgan yangi harbiy asirlar almashinuvi tafsilotlari haqida ham ma`lumot bergan.
“Harbiylarimiz almashinuvi bo‘ladi. “Mingga ming” almashtiriladi. Qo‘shimcha ravishda yana “200 ga 200” bo‘lishi mumkin. Chunki Ukraina siyosiy mahbuslar va jurnalistlar masalasida qo‘shimcha harbiylar mavzusini ko‘tardi”, deb ma’lum qildi prezident.
Uning aytishicha, shu hafta rossiyaliklar bilan alohida ro‘yxatlar almashinuvi o‘tkaziladi.
“Shuningdek, tekshiruv ham amalga oshiriladi. Umid qilamizki, bu safar ular o‘zlarini biroz mas’uliyatli tutib, almashtiruv ro‘yxatlarini oldindan taqdim etishadi”, deya ta’kidladi Zelenskiy.
Ukraina rahbari rossiyaliklar halok bo‘lgan ukrainalik askarlarning jasadlarini topshirishga tayyorligini bildirganini ham qo‘shimcha qildi.
“Olti ming. Bizning tomon olti ming rus jasadini Rossiya tomoniga topshirishga rozilik berdi. Lekin bu masalani juda sinchkovlik bilan o‘rganish lozim. Men bu haqda mudofaa vaziri Umerovga aytdim. Nega? Chunki ma’lum bo‘lishicha, o‘sha olti ming rusdan atigi 15 foizi aniqlangan. Buni hammasi tekshirilishi juda muhim. Biznikilarning barchasini qaytarib olishimiz kerak. Bizda bir marta shunday holat bo‘lganki, ular jasadlarni topshirganida, o‘zlarining halok bo‘lgan rus askarlarini ham qo‘shib yuborishgan”, dedi Ukraina rahbari.
Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy Istanbuldagi tinchlik muzokaralarida Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga halok bo‘lgan harbiylarning jasadlarini olib ketish imkoniyati bo‘lishi uchun frontning ayrim uchastkalarida 2-3 kun davomida o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilganini aytgan edi.
Izoh (0)