Rossiya va Ukraina ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish rejimini amalga oshirish bo‘yicha bir-birga turlicha talablar qo‘ymoqda va hozirda ularni kelishtirib olish lozim. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Polshadan Ukrainaga safar qilayotgan paytda poyezdda hamroh jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qilgan, deya xabar bermoqda TRT telekanali.

“Muzokaralar jarayoni boshlanishi bilan masalalar yanada jiddiy tus olayotganini ko‘ryapman. Boshqacha aytganda, odatda har ikki tomon ham o‘t ochishni to‘xtatishni istaydi, hech kim bunga qarshi ekanini aytmaydi. Buni jahon jamoatchiligiga tushuntirish oson bo‘lmasdi. Biroq, boshqa tomondan, har ikki tomonning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha talablari farq qiladi.
Bu talablarni kelishtirib olish kerak. Muzokaralar va vositachilik aynan shu maqsadda o‘tkaziladi. Bu talablar kelishtirilayotganda, ular ma’lum darajada bir-biriga zid keladi. Bularning barchasini muvozanatga keltirganimizda, o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun aniqroq qadamlar qo‘yish mumkin bo‘ladi”, dedi Fidan.
Uning tushuntirishicha, Rossiya tomoni 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish boshlansa, bundan nima yutishini so‘ramoqda.
“Agar, aytaylik, 30 kundan so‘ng urush qayta boshlansa, bu haqda kelishishning nima foydasi bor? Rossiya Federatsiyasining bu borada muayyan shartlari mavjud. Ya’ni, nima uchun biz hozir o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishyapmiz, degan savol, albatta, muhim va o‘rinlidir. Urush qayta boshlangan taqdirda bu shartlar muzokaralar uchun ochiq masala hisoblanadi”, dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri.
Fidanning fikricha, ukrainlar va rossiyaliklarning pozitsiyalari dastlab bir-biridan ancha uzoq, biroq vositachilik orqali ularni yaqinlashtirish mumkin.
“Albatta, bu yerda Amerika ham muhim rol o‘ynaydi. AQSH prezidenti Donald Trampda kuchli iroda bor, u o‘t ochishni darhol to‘xtatishni xohlaydi. Hozircha Ukraina va Yevropa tomoni Amerika pozitsiyasiga moslashishda egiluvchanlik namoyish etdi. Agar Rossiya xuddi shunday darajada moslashuvchanlik ko‘rsata olmasa, u Amerika nazarida noqulay ahvolga tushib qolishi mumkin”, deya ta’kidladi Hoqon Fidan.
Rossiya 28-may kuni 2-iyunda Istanbulda Ukraina bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarning ikkinchi bosqichini o‘tkazishni taklif qildi. Kiyev bunga javoban tomonlar pozitsiyalarini aniqlashtirish shartini qo‘ydi.
Izoh (0)