Italiya hukumati Sitsiliya orolini Kalabriya viloyati bilan bog‘laydigan, dunyodagi eng uzun osma ko‘prikni qurishga ruxsat berdi. Loyiha 13,5 milliard yevroga baholangan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ko‘prik O‘rta Yer dengizidagi eng seysmik faol hududlardan birida quriladi. Mutasaddilar u zilzilalarga bardosh bera olishini ta’kidlamoqda. Bu Italiya hukumatining Messina ko‘prigi loyihasini amalga oshirishga bo‘lgan so‘nggi urinishidir. Oldingi rejalar yuqori xarajatlar, ekologik xavflar, xavfsizlik muammolari va hatto mafiyaning aralashuvi xavfi tufayli bekor qilingan.
Bosh vazir Jorja Meloni loyiha oson amalga oshmaganini tan olib, uni “Italiyaning buguni va kelajagiga qilingan sarmoya” deb atadi.
Yakuniy loyihaga ko‘ra, Messina bo‘g‘ozi ustidagi ko‘prik 3,3 kilometrga cho‘ziladi. U 400 metr balandlikdagi ikkita ustun orasida joylashadi. Ko‘prik o‘rtasidan ikkita temir yo‘l liniyasi o‘tadi, yon tomonlarida esa avtomobil yo‘lagi bo‘ladi.
Transport vaziri Matteo Salvinining aytishicha, inshoot 2032—2033-yillarda qurib bitkaziladi. Loyiha yiliga 120 mingta ish o‘rni yaratadi va iqtisodiy o‘sishga turtki bo‘ladi. Sitsiliya va Kalabriya — Yevropadagi eng kambag‘al hududlardan biri hisoblanadi.
Loyiha hali Italiya Hisob palatasi va atrof-muhit agentliklari (milliy va Yevropa Ittifoqi darajasida) tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, bo‘g‘ozning ikki tomonida yashovchi va uylari buzilishi mumkin bo‘lgan mahalliy aholining roziligi olinishi lozim. Ular qarorga qarshi sudga murojaat qilishi mumkin. Bu esa qurilishning kechikishiga yoki butunlay to‘xtab qolishiga olib keladi.
Izoh (0)