Bundan bir necha kun oldin Rossiyaning Kamchatka yarimorolida 8,8 balli zilzila sodir bo‘ldi. Olimlar tilida megazilzilalar deb ataluvchi bunday yer silkinishlari seysmik faol hududlarda onda-sonda sodir bo‘lib turadi. Ushbu materialda Yer yuzining turli burchaklarida so‘nggi 120 yilda sodir bo‘lgan megazilzilalar haqida so‘z yuritamiz.
Yer yuzida azaldan tez-tez zilzilalar sodir bo‘lib turadi. Avvallari zilzilaning kuchi o‘lchanmagan. 20-asr boshlarida zilzila kuchini aniqlashga urinishlar bo‘lgan. Turli seysmologlar yer silkinishi kuchini aniqlashning turli formulalaridan foydalangan.
Faqat 1935-yilga kelib amerikalik seysmolog Charlz Rixter zilzila magnitudasini o‘lchash bo‘yicha aniqroq formulani taqdim etgan.
Shundan so‘ng yer silkinishlari Rixter taklif etgan formula asosida o‘lchangan va u “Rixter shkalasi” deb nom olgan.
Zilzilalar kuchini o‘lchash boshlangandan buyon o‘nlab kuchli zilzilalar sodir bo‘ldi. Ularning ba’zilari aholi zich yashaydigan joyda, boshqasi okeanda sodir bo‘lgan.
Bundan bir necha kun oldin Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasida joylashgan Kamchatka yarimorolida kuchli yer silkinishi sodir bo‘ldi. Soha mutaxassislari tilida bunday kuchli yer silkinishlari megazilzilalar deb ataladi.
Kamchatkada ro‘y bergan yer silkinishi so‘nggi 120 yil sodir bo‘lgan megazilzilalar ro‘yxatida oltinchi o‘rinni egalladi. Quyida 1900-yildan so‘ng sodir bo‘lgan megazilzilalar o‘nligi haqida ma’lumotlarni keltiramiz.
Chilidagi zilzila
1960-yil 22-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:11 da Chilida juda kuchli zilzila sodir bo‘ladi. O‘shanda yer silkinishining kuchi 9,5 ballga yetadi.
Zilzila episentri mamlakat poytaxti Santyago shahridan 745 km uzoqlikda joylashgan Valdiviya shahri yaqinida, Tinch okeaniga tutash hududda edi.
Yer silkinishidan so‘ng Tinch okeanida ulkan sunami paydo bo‘ladi va uning bir qismi Chili qirg‘oqlariga yopirilib, bir qancha shahar va qishloqlarni, ekin maydonlarini, sanoat korxonalarini butunlay suv bosadi.
O‘shanda Chili ishlab chiqarish salohiyatining 20 foizini yo‘qotadi. Shuningdek, qariyb 6 ming kishi halok bo‘ladi.
To‘lqini 10 metr balandlikka yetgan sunamining bir qismi soatiga 800 km tezlikda harakatlanib, episentrdan 10 ming km uzoqlikda joylashgan Gavayi orollariga, undan o‘tib Filippin va Yaponiyagacha yetib boradi.
Sunamining boshqa qismlari Kaliforniya shtati qirg‘oqlariga, Avstraliya va Yangi Zelandiyagacha yetadi.
Gavayi orollarida hamda Yaponiyada shahar va qishloqlarni suv bosishi oqibatida bir necha yuz nafar odam halok bo‘ladi. O‘shanda Chili umumiy hisobda 500 mln dollar (hozirgi hisobda bu bir necha o‘n mlrd dollar bo‘ladi) zarar ko‘radi.
Tarixda “Buyuk Chili zilzilasi” deb nom olgan bu yer silkinishi 1900-yildan so‘ng sodir bo‘lgan zilzilalar orasida eng kuchlisi hisoblanadi.
Alyaskadagi zilzila
1964-yil 27-mart kuni soat 17:36 da Alyaskada kuchi 9,2 ballga teng zilzila sodir bo‘ladi. Uning episentri shtat markazi Ankorij shahridan 10 km uzoqlikda joylashgandi.
Kuchli yer silkinishi tog‘larda yer ko‘chishiga, temiryo‘l va avtomobil yo‘llarida yoriqlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, Alyaskadagi muhim portlar vayron bo‘ladi.
Zilzila tufayli paydo bo‘lgan sunami ulkan to‘lqinlar hosil qiladi va Ankorij bilan birga boshqa shahar hamda qishloqlarni vayron qiladi. O‘shanda Alyaskadagi bu yer silkinishi AQSHga qariyb 100 mln (hozirgi paytda bir necha mlrd dollar) zarar yetkazadi.
Sunami nafaqat Alyaskadagi, balki zilzila episentridan juda uzoqda bo‘lgan Yaponiya va AQSHning Kaliforniya shtati qirg‘oqlarigacha yetib boradi. Zilzila oqibatida Alyaskada 131, Kaliforniyada 43, Yaponiyada 20 dan oshiq odam halok bo‘ladi.
Yaponiyadagi zilzila
2011-yil 11-mart kuni soat 14:46 da Yaponiyaning Xonsyu oroli qirg‘oqlariga yaqin joyda dengizda 9,1 ballga teng zilzila sodir bo‘ladi. Uning episentri Tokiodan 373 km, Sendey shahridan 130 km uzoqlikda joylashgandi.
Zilziladan so‘ng dengizda 6-8 metr balandlikda sunami paydo bo‘ladi va u eng avval Yaponiya qirg‘oqlariga yopishadi. Bir qancha shahar va qishloqlar suv ostida qoladi. Sendey shahri aeroportini to‘liq suv bosadi.
O‘shanda sunami Tinch okeani bo‘ylab harakatlanib, Rossiya, AQSH, Filippin, Kanada, Indoneziya, Malayziya, Meksika, Peru va Ekvador qirg‘oqlarigacha yetib boradi.
Hodisa oqibatida qariyb 20 ming odam halok bo‘ladi. 6 mingdan oshiq odam jarohatlanadi. 2,5 ming kishi bedarak yo‘qoladi. Bu zilzila keltirgan zarar 309 mlrd dollarga hisoblangan.
Indoneziyadagi zilzila
2004-yil 26-dekabr kuni soat 00:58 da Indoneziyaning Sumatra oroli yaqinida, Tinch okeanida kuchi 9,1 ballga teng zilzila sodir bo‘ladi. Bu yer silkinishi yangi tarixda eng vayronkor zilzila hisoblanadi.
Zilzila tufayli Tinch okeanida to‘lqin balandligi 10-15 metr bo‘lgan sunami yuzaga keladi va bir necha soat ichida u bir qancha davlatlarda suv toshqini yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Jumladan, Indoneziya, Malayziya, Shri Lanka, Bangladesh, Maldiv orollari, Hindiston, Myanma, Tailand kabi davlatlarda ko‘plab shahar va qishloqlarni, dam olish maskanlarini suv bosadi. Oqibatda 200 mingdan oshiq odam halok bo‘ladi. Bir milliondan oshiq odam uy-joyidan ayriladi.
O‘shanda sunami to‘lqini Omon, Yaman, Avstraliya, Keniya, Madagaskar, Mavriki, Somali va hatto Afrika janubidagi Janubiy Afrika Respublikasi qirg‘oqlarigacha yetib boradi.
Rossiyadagi zilzila

1952-yil 5-noyabr kuni soat 16:58 da Tinch okeanining Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasida joylashgan Kamchatka yarim oroli yaqinida joylashgan qismida kuchi 9 ballga teng zilzila sodir bo‘ladi.
Kuchli yer silkinishi okeanda sunamini yuzaga keltiradi va baland to‘lqinlar atrof bo‘ylab tarqaladi. Zilziladan 15-20 daqiqa o‘tgach Kamchatka oroli va Kuril orollariga sunami yopiriladi.
Biroz vaqt o‘tgach sunami Kanada, AQSHning Kaliforniya, Gavayi, Alyaska, Oregon shtatlari, undan o‘tib Peru va Chili qirg‘oqlarigacha yetib boradi. To‘lqinlarning balandligi Kamchatka va Kurilda 15 metrgacha, boshqa joylarga 3-4 metr balandlikda yetib boradi va sohilbo‘yi hududlarni suv bosadi.
O‘sha paytda sovet matbuotida zilzila qurbonlari va yetkazgan zarari haqida hech qanday ma’lumot berilmaydi. SSSR parchalanib ketgandan so‘ng 1952-yilda Kamchatka yaqinida sodir bo‘lgan zilzila tufayli qariyb 2,4 ming nafar odam halok bo‘lgani va davlatga 285 mln rubl zarar yetgani oshkor bo‘ladi.
Kamchatkadagi zilzila
2025-yil 30-iyul kuni Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasida joylashgan Kamchatka yarimorolida 8,8 balli zilzila sodir bo‘ldi. Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika xizmatiga ko‘ra, zilzila markazi Petropavlovsk-Kamchaskiy shahridan 136 kilometr sharqda, 18 kilometr chuqurlikda qayd etilgan.
Zilzila sabab Tinch okeanining shimoliy qirg‘oqlari — Kaliforniyagacha bo‘lgan hududlarda balandligi 3 metrgacha yetishi mumkin bo‘lgan sunamilar kuzatilishi taxmin qilinmoqda.
Shu sababli Yaponiya darhol sunami yuz berishi ehtimoli bo‘lgan hududlardan 2 millionga yaqin odamni evakuatsiya qilgan.
Kolumbiya va Ekvadordagi zilzila
1906-yil 31-yanvar kuni Tinch okeanining Ekvodor qirg‘oqlariga yaqin bo‘lgan hududida kuchi 8,8 ballga teng bo‘lgan zilzila sodir bo‘ladi.
Kuchli yer silkinishi okeanda sunami keltirib chiqaradi va 5 metrdan baland to‘lqinlar qirg‘oqqa yopiriladi. Oqibatda Ekvador va unga qo‘shni bo‘lgan Kolumbiyaning sohilbo‘yi hududlari suv ostida qoladi.
O‘shanda har ikki davlatda joylashgan ko‘plab uylar suv ostida qoladi va jami 1 500 dan oshiq odam halok bo‘ladi.
Bundan tashqari sunami AQSHning Gavayi va Kaliforniya shtatlari, shuningdek Kosta Rika, Panama, Meksika va Yaponiya qirg‘oqlariga yetib boradi. Oradan 100 yil o‘tgach, 2016-yil 16-aprel kuni o‘sha joyda yana kuchi 7,8 ballga teng zilzila sodir bo‘ladi.
Chilidagi zilzila
2010-yil 27-fevral kuni Chilining markazida joylashgan Bio Bio provinsiyasida kuchi 8,8 ballga teng zilzila sodir bo‘ladi. Uning episentri Bio Bio provinsiyasi ma’muriy markazi Konsepson shahridan 90 km uzoqlikda edi.
Yer silkinishi Bio Bio va Maule provinsiyalariga jiddiy zarar yetkazadi. Har ikki provinsiyada 800 dan ortiq odam halok bo‘ladi. 1 200 kishi bedarak yo‘qoladi. 1,5 millionta uy vayron bo‘ladi va 2 milliondan oshiq odam uy-joysiz qoladi.
Garchi zilzila episentri quruqlikda bo‘lsa ham qattiq yer silkinishi Tinch okeanida sunamini yuzaga keltiradi. Oqibatda kuchli to‘lqinlar tufayli Chili qirg‘oqlarini suv bosadi. To‘lqinlar hatto Yangi Zelandiya, Avstraliya, Yaponiya va Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqasigacha yetib boradi.
Chilida sodir bo‘lgan bu zilzila mamlakatga 30 mlrd dollar zarar yetkazadi. O‘shanda Chiliga turli davlatlar insonparvarlik yordamlari jo‘natishdan tashqari, uylarni tiklashga moddiy yordam ham ajratadi.
Alyaskadagi zilzila
1965-yil 4-fevral kuni AQSHning Alyaska shtati tarkibiga kiruvchi Alaut orollari yaqinida kuchi 8,7 ballga teng bo‘lgan zilzila sodir bo‘ladi.
Kuchli yer silkinishi tufayli Tinch okeanida balandligi 10 metrdan oshadigan kuchli to‘lqinlar paydo bo‘ladi va har tomonga tarqaladi.
Baland to‘lqinlar Aleut orollari tarkibiga kiruvchi orollardan tashqari Yaponiya va Rossiyaning Uzoq Sharqda joylashgan hududlariga yetib boradi.
Bundan tashqari, to‘lqinlar zilzila episentridan juda uzoqda joylashgan Yaponiya, AQSHning Gavayi va Kaliforniya shtatlari, Peru, Ekvador va Meksika qirg‘oqlarigacha yetadi va sohilbo‘yi hududlarni suv bosadi.
Aleut orollarining aksariyati kimsasiz hisoblanadi va shu sababli o‘lim sodir bo‘lmaydi va moddiy zarar miqdori ham ancha kam bo‘ladi.
Indoneziyadagi zilzila
2012-yil 11-aprel kuni Indoneziyaning Sumatra oroli yaqinida, Tinch okeanida kuchi 8,6 ballga teng zilzila sodir bo‘ladi. Zilzila episentri suv ostida, 16 km chuqurlikda edi.
Kuchli yer silkinishidan keyin okeanda sunami paydo bo‘ladi va u har tomonga qarab harakatlandi. Baland to‘lqinlar avvaliga Indoneziya, so‘ng Malayziya, Tailand, Singapur, Bangladesh, Hindiston va Shri Lanka qirg‘oqlarigacha yetib boradi.
Uzoq masofaga yetgancha to‘lqinlar pasayib qolgani uchun sunami zarari uncha katta bo‘lmaydi. Faqat Indoneziyada to‘rt kishi o‘ladi va episentrga yaqin bo‘lgan Achex viloyatida uylarni suv bosadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Izoh (0)