Yer maydonlarini sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Maʼlum qilinishicha, Xorazm viloyatida fuqaro Q.X. elektron auksion savdolari natijasi bo‘yicha o‘zining nomiga dehqon xo‘jaligi yuritish uchun ijara shartnomasi asosida ajratilgan 10 sotix yerni fuqaro H.S.ning nomiga rasmiylashtirib berishi evaziga 30 mln so‘mni olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, Xonobod shahrida fuqaro F.X. fuqaro M.T.ning ishonchiga kirib, fuqaro S.T.ga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun ajratilgan 20 sotix yerni go‘yoki o‘ziga tegishli ekanini aytgan.
Ushbu yer maydonida bino-inshootlar qurishga ruxsat beruvchi hujjatlarini tayyorlab, uning nomiga rasmiylashtirib berishi evaziga 10 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Shu bilan birga, G‘ozg‘on shaharida fuqaro D.K. “Oq oltin” MFY hududidagi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 13 sotix bo‘sh yerni fuqaro M.J.ga sotishga kelishgan. U 6 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
So‘nggi oylarda yerni noqonuniy sotishga urinish holatlari
2025-yil fevralida Farg‘onada fuqaro 2,5 gektar yerni 650 ming dollarga sotishga kelishib, oldindan 100 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangandi. Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 32 gektar yerni 2,4 mln dollarga noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingandi.
Surxondaryo viloyatida fuqaro qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 45 sotix yerni 60 ming dollarga sotishga kelishib, 56,7 ming dollar va 43 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga tushgandi. Xorazm viloyatining Urganch tumanida fuqaro davlat zaxirasida bo‘lgan 24 sotix yer maydonini kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 45 ming dollar va 13 million so‘m olgan vaqtida ushlangandi.
Izoh (0)