O‘zbekistonda har yili bir guruh shaxslar sobiq Sovet davri bayrog‘i, Stalin va Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlarning rasmlarini ko‘tarib ko‘cha yurishlari qiladi. Buni ular “O‘lmas polk” deb atashadi. Shu vaqtga qadar na hokimlik, na huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bunga na tushuntirish bergani yoki biror chora ko‘rganicha yo‘q.
Bunday “tadbir” 9-may kuni Toshkent shahridagi Birodarlik qabristonida yana o‘tkazilgani aks etgan video tarqaldi. Videoda ko‘rinishicha, “O‘lmas polkchilar” yurish qilayotgan vaqtda bir guruh yoshlar qo‘lida O‘zbekiston bayroqlari bilan ularga qo‘shilgan va “Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston” deya qo‘shiq kuylashgan. Negadir bundan ular g‘azablangan va bir ayol rus tilida bu ishlarni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov qilgani, bu ishi uchun har biri AQSHning USAID kompaniyasidan pul olganini alohida taʼkidlagan.
Bularni hammasi Alisher Qodirovning izdoshlari. Ular rusiyzabonlarni yo‘lini to‘sib qo‘yishdi. Mana sizlarga Mustaqillik, mana sizlarga O‘zbekistonning ahvoli. Bir zamonlar bobolari birga jang qilganini esdan chiqarib qo‘ygan. Bizning ustimizdan kulishmoqda. Bu ishlari uchun ularga Amerikaning USAID kompaniyasi tomonidan pul to‘langan, bularning hammasi pul olgan, deya bir ayol ularni haqorat qilgan.
Qadrsiz qurbonlar
Har galgidek na poytaxt hokimligi, na huquqni muhofaza qiluvchi idoralar holatga biror izoh berishganicha yo‘q. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov ham munosabat bildirmagan bo‘lsa-da, Telegram’dagi sahifasida “Xotira va qadrlash kunida tafakkur qiling!”, deya post qoldirgan:

9-may – insoniyat boshiga kelgan og‘ir fojialardan birini yakuniga yetgan kun.
Bunday fojialar doimo bir insonning xayoli bilan boshlanib, millionlarning inqirozi bilan yakunlangan. Huquqqa aylanib borayotgan “kuchli — haq” dunyoqarashi ko‘rsatmoqdaki, insoniyat bunday fojialarni hali ko‘p ko‘radi.
Bu kunda biz o‘zligini toptalishiga rozi bo‘lmagan, bu yo‘lda o‘limigacha kurashgan sharafli, shahid ajdodlarimizni yod etib, ularni xotirlash, haqlariga duolar qilish bilan birga, unutmasligimiz kerak: o‘zligini qadrlamaganlar o‘zligini qadrlaganlar uchun qadrsiz qurbondekdirlar!
O‘tganlarni xotirlash bilan birga, o‘zligimizni qadrlashni ham o‘rganaylik. Xotira va qadrlash kunida tafakkur qiling!
Yuqoridagi video tarmoqlarda keskin noroziliklarga sabab bo‘lmoqda va bu yurishni amalga oshirganlarga tegishli idoralardan jiddiy chora ko‘rishni so‘rashmoqda. “Daryo” shunday munosabatlarning ayrimlarini jamladi.
“Jinoyatga tenglashtirilishi kerak”
Bloger Muhrim A’zamxo‘jevning eʼtiroz bildirishicha, idealda bu shaxslar va ularning o‘nlab sheriklari qo‘lidagi o‘roq-bolg‘ali qizil bayroq, bo‘ynidagi qora-olovrang lentalar ham qonun bilan taqiqlanib, ularni ko‘tarish yoki osib yurish jinoyatga tenglashtirilishi kerak:

Shunda ularga yoqmagan vatandoshlarimizni “USAIDga sotilganlar” deb atayotgan bu kimsalar o‘zini ancha yig‘ishtirib olgan bo‘lardi. Ular o‘zini yig‘ishtirib olishi shart, ularni shunga majbur qilish kerak.
Unutmasligimiz kerak — bugun O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targan yosh vatandoshlarimizni haqorat qilayotgan bu kimsalar ertaga O‘zbekistonni birinchilardan bo‘lib dushmanga sotadi. O‘zi bizning bitta dushmanimiz bor, O‘zbekistonni o‘sha dushmanga sotish — bularning orzusi. Qani endi O‘zbekistonni o‘sha dushmanga sotilsa-yu, Toshkent ko‘chalari, masalan, xuddi Tiraspolniki kabi sovet ramzlari bilan to‘lsa.
Biz yildan yilga bu dushmanning ichimizdagi malaylariga yumshoqlik qilyapmiz. Ular bundan 8-9-yil avval bunchalik surbetlik qila olmasdi, pisib yurardi, unini chiqarishga qo‘rqardi kerak bo‘lsa. Endi-chi, O‘zbekiston poytaxtida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib O‘zbekiston haqida qo‘shiq kuylayotgan o‘zbekistonliklarni sotilganlikda, sotqinlikda ayblashdan ham qaytmayapti. Andishaning otini qo‘rqoq qilyapti.
“Ichimizda Kremlning g‘amxo‘rlari ko‘p”
“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovning aytishicha, Sovet davridayoq rus elitasining zehniyatida hamma balolarga G‘arbni mubtalo qilish tendensiyasi bo‘lgan:

Keyingi yillarda ham bu zehniyat parvarishlandi va bu yana bir necha yil hosil beradi. Kim ularga qarshi gapirsa, chirigan G‘arbning ayg‘oqchisi, homiylardan pul oladi yoki buyurtma bajaradi.
Bugun o‘zbeklarga ham xuddi shu ritorika takrorlanmoqda. Alisher Qodirov deputatlikni qoyillatmasa ham rusofobiya va shovinizmga qarshi ancha faol, bu ularga yoqmayapti. Ichimizda ham Kremlning g‘amxo‘rlari ko‘p va jarayonning ichdan qo‘porilishi nazarimda bugun boshlandi. Yoshlar agentligi qilganmi, boshqami, juda yaxshi qilishibdi.
“Qachondan buyon o‘z yurtida o‘z bayrog‘ini ko‘targanlar provokator bo‘lib qoldi?”
Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja bu bayramni kim boshqacha tarzda nishonlamoqchi bo‘lsa, o‘shanday davlatga borib nishonlashni tavsiya qildi:

Qachondan buyon o‘z yurtida o‘z bayrog‘ini ko‘targanlar provokator bo‘lib qoldi? Nima degani bu? Bular qaysi mamlakatda yashamoqda? Bular O‘zbekistonda yashasa-yu xayoli boshqa joyda bo‘lishi g‘alati emasmi? Men bunday chiqishlarga qarshiman.
Biz urushda halok bo‘lganlarni barchasini hurmat qilamiz. Bejizga “Xotira va qadrlash kuni” deyilmaydi. Bunday kunlarni biz o‘zimizga xos, o‘zimizga mos tarzda o‘zbekona, musulmon diniga xos tarzda xotirlashimiz joiz. Kim boshqacha tarzda nishonlamoqchi bo‘lsa, marhamat, bilet olib, o‘zi xohlagandek nishonlayotgan davlatga borib, istagan tartibda o‘tkazsin. Hech kim qarshi emas.
Har bir suveren davlatni bayramlari, madaniyati, o‘ziga xos jihatlari bo‘ladi. Shunga muvofiq biz bayramlarni o‘zimizga xoslikda nishonlaymiz. Ikkinchi jahon urushida O‘zbekiston salmoqli hissa qo‘shgan va bayramda ishtirok etishimiz juda sharafli va shu bilan birga haqqimiz ham bor. Lekin tadbirni o‘tkazish reglamenti va protokolni har bir davlat o‘zi mustaqil hal qiladi. O‘zbekiston o‘z yo‘lidan bormoqda va buni boshqalar hurmat qilishi shart.
Holatni tasvirga olib, fuqarolarni haqorat qilgan shaxsga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar chora ko‘rishi so‘rayman.
“Chora ko‘rilishini so‘rayman”
Tarixchi, jamoatchilik faoli Ixtiyor Esonovning taʼkidlashicha, bu voqea uni darg‘azab qilgan va “Yovuzlik saltanati”ni ochiqcha qo‘msovchilarga jiddiy chora ko‘rilishi shart:

Bu voqea meni darg‘azab qilmoqda. Bosqinchi Rossiya imperiyasi va undan keyingi Sovet Ittifoqi bizni tariximizda juda katta dog‘ sifatida qolgan. Bu bosqinchi imperiyalarni “Yovuzlik saltanati” deb atasa ham bo‘ladi. Shuncha bergan azob va uqubatlariga chidab keldik. Endi ularning bunday harakatlari o‘tib tushdi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan bularga huquqiy baho berilgan holda jiddiy chora ko‘rilishni so‘rab qolaman.
“Sovet bayrog‘i, ramzlari, qizil yulduzlar va Georgiy lentalari taqiqlanishi kerak”
Bloger Nikita Makarenko o‘z fikrini bildirar ekan, sovet bayrog‘i, sovet ramzlari, qizil yulduzlar va Georgiy lentalari taqiqlanishi kerakligini urg‘ulab o‘tdi:

Menimcha, Sovet Ittifoqi — jinoiy, totalitar va mustamlakachilik davlat bo‘lgan. Uning ramzlari O‘zbekistonda qonun bilan taqiqlanishi, ularni ochiq namoyish qilish jazolanishi lozim. Bu nima uchun kerak? Shu maqsaddaki, bu dahshatli tuzum — “yovuzlik imperiyasi” — bizning zaminimizga hech qachon qayta kelmasligi uchun. Bolg‘a va o‘roq, qizil bayroqni ko‘rsatish nafaqat uyat, balki qonunga xilof bo‘lishi kerak. Biz yosh avlodimizni aynan shu ruhda tarbiyalashimiz zarur.
Aksincha, biz o‘z bayrog‘imizga, milliy ranglarimizga muhabbatni har tomonlama targ‘ib qilishimiz kerak. Men O‘zbekiston davlat bayrog‘ini qonunan ruxsat etilgan kunning o‘zida o‘z oynamga ilib qo‘yganman. U hali ham ilingan. Nima uchun Turkiyada, AQSHda odamlar o‘z bayroqlarini yaxshi ko‘radi, biz esa uyalib turaylikmi? Bu noto‘g‘ri.
Xotira va qadrlash kuni uchun esa, tinch, mustaqil va suveren mamlakatimizning qadriyatlariga mos yangi marosimlar ishlab chiqilishi kerak. Halok bo‘lganlarni ehtirom bilan yod etish, jahonda sodir bo‘lgan dahshatli fojia uchun motam tutish, bu takrorlanmasligi haqida o‘ylash kerak. O‘zbekistonning mustaqilligi va suvereniteti uchun jonini fido qilgan qahramonlarni ulug‘lash kerak. Bu motam kuni bo‘lishi shart. Bu bayram emas, bu yerda mastona qo‘shiqlar, raqslar va Iosif (banditlik laqabi “Koba” va “Stalin” bilan tanilgan) kabi jinoyatchilarni daholashga o‘rin yo‘q.
“O‘zbekistonga hurmatsizlik”
Iqtisodchi, bloger Otabek Bakirov ham o‘z munosabatida choralar bunaqa ko‘rinishda emas, qattiqroq bo‘lishi zarurligini aytib o‘tdi:

Yaʼni qizil bayroq va Stalin suratini ko‘tarib chiqqanlar noqonuniy ommaviy tadbir o‘tkazishda ayblanib jazolanishi kerak
Analog bo‘yicha boshqa shunaqa ruxsat etilmagan ommaviy tadbir uchun qanaqa jazo qo‘llagan bo‘lishardi, masalan?
Qolaversa, Qizil bayroq ko‘targan kimsalarning chaqiriqlarida millatlararo nizo chiqarishga, Mustaqillik va davlat bayrog‘iga hurmatsizlik ko‘rsatishga urinish ham bordek. Balki ekspertiza xulosa berar.
Qizil bayroq va Stalin surati bilan ruxsat etilmagan marshga chiqqanlarning ikkinchi fuqaroligi bor-yo‘qligini ham tekshirish ziyon qilmaydi.
“Ularga tashakkur!”

Bu holatni partiya uyushtirganmi, yoshlarning o‘zining tashabbusimi yoki vatanparvar kuchishlatar tizimimiz nazoratida bo‘lganmi bilmadim, lekin olqishlayman. Bu qarorga kelish oson bo‘lmagan. Ularga tashakkur!, dedi bloger Zafarbek Solijonov.
“Bu — milliy tahdid”
Deputat Alisher Qodirov Telegram’dagi sahifasida Toshkentdagi maktab o‘qituvchisi o‘quvchilarga “Katyusha” yodlatilishi ortidan TIV orqali “Rossotrudnichestvo”ga so‘rov yuborilishini maʼlum qildi:
Bog‘cha va maktablarda bolalarning ong ostiga o‘zligimiz xo‘rlangan sovet davriga sog‘inch, ajdodlarimizni qirg‘in qilgan imperialistik ramzlarga muhabbatni singdirilishi milliy tahdid sifatida baholanishi zarur.
O‘zbekistondagi bog‘cha va maktablar farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida, o‘zligimizga mehr va sadoqat bilan tarbiyalash uchun kerak, tashqi propaganda targ‘iboti uchun emas. MTT vazirligidan bu masalada izoh so‘raladi.
Tashqi ishlar vazirligiga “Rossotrudnichestvo” faoliyatini tahlil qilish haqida so‘rov yubormoqchimiz.
Izoh (0)