Buyuk Britaniyada qotillikda ayblanib, 38 yil qamoqda o‘tirgan erkakka nisbatan chiqarilgan hukm bekor qilindi. Bu haqda ABC News xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, apellyatsiya sudi yangi DNK tahlillari natijalariga ko‘ra uning ishi bo‘yicha hukmni bekor qilgan. Piter Sallivan sudning yangi qarorini eshitgach, og‘zini qo‘li bilan yopgan va yig‘lab yuborgan. Chunki u ko‘p yillar davomida o‘zini oqlashga uringan.
Angliya shimolida joylashgan Ueykfild qamoqxonasidan videoaloqa orqali tinglovni kuzatgan Sallivan o‘z bayonotida xafa emasligini va yaqinlari bilan uchrashishni intiqlik bilan kutayotganini aytgan.
“Xudo guvoh, haqiqat sizni ozod qiladi, deyilgan. Afsuski, unda menga yetkazilgan nohaqliklarni bartaraf etish qancha vaqt olishi aytilmagan. Men g‘azablanayotganim ham, achchiqlanayotganim ham yo‘q”, degan u o‘z arizasida.
Advokat Sara Mayett sudda o‘z mijozi Buyuk Britaniyada nohaq hukm tufayli eng uzoq vaqt qamoqda o‘tirgan inson ekanligini ta’kidlagan.
68 yoshli Sallivan 1987-yilda Angliya shimoli-g‘arbidagi Liverpul yaqinidagi Bebington shahrida Dayan Sindallni o‘ldirgani uchun sudlangan.
Ma’lum qilinishicha, turmushga chiqishga tayyorlanayotgan 21 yoshli gulchi Sindall 1986-yil avgust oyida qovoqxonada qo‘shimcha ishdan uyga qaytayotganda, furgonida yoqilg‘i tugab qolgan. Uni so‘nggi marta yarim kechadan keyin yo‘lda ketayotganini ko‘rishgan. Jasadi taxminan 12 soatdan keyin tor ko‘chadan topilgan. U jinsiy zo‘ravonlikka uchragan va shafqatsizlarcha kaltaklangan. Jinoyat ishi bo‘yicha sud Sallivanni aybdor deb topgan.
Murdadan topilgan urug‘ni o‘sha paytda tahlil qilib bo‘lmagan. 2024-yilda o‘tkazilgan test uning Sallivanga tegishli emasligini ko‘rsatgan.
“Ayblovda aytilishicha, bu bir kishining ishi bo‘lgan. Bir kishi jabrlanuvchiga jinsiy zo‘ravonlik qilgan. Endi dalillar bu odam ayblanuvchi emasligini ko‘rsatmoqda”, deydi advokat Pitter.
Prokuror apellyatsiyaga e’tiroz bildirmagan va agar DNK dalillari tergov paytida mavjud bo‘lganida, Sallivanning javobgarlikka tortilishi mumkin emasligini aytgan.
Mersisayd politsiyasi tergovni qayta boshlaganini va qotilni topish uchun “barcha imkoniyatlardan foydalanishga tayyorligini” ma’lum qilgan.
Izoh (0)