Farg‘onada bojxonada tovar kodlarini arzonrog‘iga alishtirish orqali kamroq boj to‘lashga uringan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Tovarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasidagi kodini bojxona yuk deklaratsiyasida to‘g‘ri qo‘llash davlat byudjetiga bojxona to‘lovlarini to‘liq undirishga xizmat qiladi. Shunday tovarlar borki, ular o‘xshash bo‘lsada, turlicha kodlar bilan tasniflanadi va bojxona stavkalari ham turlicha belgilanadi.
“Vodiy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida ham tovar kodlari o‘xshashligidan ustomonlik bilan foydalanishga urinib, yuqori stavkali tovarlarni go‘yoki past stavkali tovarlar tarzida olib kirmoqchi bo‘lganlar aniqlandi.

Bunda tadbirkorlik subyektlaridan birining nomiga chetdan keltirilgan 2876 dona monitorlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, ko‘rsatilganidek “suyuq kristalli displey” emas, aksincha “suyuq kristalli rangli monitor” ekanligi maʼlum bo‘lgan.
Qiymati 2,6 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan mazkur monitorlar rasmiy import qilinganida, davlat byudjetiga qo‘shimcha 350 million so‘m bojxona to‘lovlari undirilgan bo‘lar edi. Ushbu mablag‘lar bilan eng kam pensiya oladigan 44 nafar fuqaroni bir yil davomida pensiya bilan taʼminlash mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida aniqlangan 1,2 mingdan ziyod kontrabanda va bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 55,4 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Izoh (0)